Koronavirusga qarshi «Sputnik V» vaksinasi birinchi navbatda, 65 yoshdan kattalar va tibbiyot muassasalarida kasallik bilan yuzma-yuz kelayotgan xodimlarni emlash uchun olib kelingan, deya ma’lum qildi Sanitariya-epidemiolik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshlig‘i o‘rinbosari Botir Qurbonov.

Uning ta’kidlashicha, «„Sputnik V“ vaksinasi faqat amaldorlar uchun olib kelingan degan qarash juda noto‘g‘ri».

«Toshkent shahrida mavjud emlash markazlariga yoki emlash punktlariga murojaat qilayotgan ayrim shaxslar yoshi 65 yoshdan kam bo‘lganligi uchun emlanmayotganligi to‘g‘risidagi e’tirozlar bor. Bir necha marotaba bizni o‘zimizga ham murojaat qilishgan: „men „Sputnik V“ vaksinasi bilan emlanmoqchiman, emlash markaziga yoki emlash punktiga borsam meni qaytarishdi“ deyishadi. Birinchi navbatda yoshi nechadaligini so‘raymiz. Yoshi 60 da, 50 da, 40 da. Keyingi bosqichlarda esa emlash kontingenti yoki jamoasi o‘zgaradi. Lekin, hozirgi kunda 65 yoshdan kattalarni ixtiyoriy ravishda, bevosita 3 ta vaksinadan birini tanlagan holda emlanishi ko‘rsatilgan», — deya aniqlik kiritdi SES boshlig‘i o‘rinbosari.

Botir Qurbonovning qo‘shimcha qilishicha, bugungi kunda qadar Toshkentda 23 ming kishi «Sputnik V» bilan emlandi. Bugun va ertadan boshlab respublikaning barcha hududlariga ushbu vaksinaning yuborilishi ko‘zda tutilgan.

Bunga qadar, ya’ni 1 may kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikeri o‘rinbosari Odiljon Tojiyev (1984 yilda tug‘ilgan) o‘zining Telegram kanalida «Sputnik V» bilan emlanganini ma’lum qilgan.

Mazkur xabar e’lon qilingach, Odiljon Tojiyev koronavirusga qarshi «Sputnik V» vaksinasini olganligi sog‘lig‘i bilan bog‘liq zaruratga ko‘ra ekanligini ma’lum qildi.