Prezident Shavkat Mirziyoyev ishga qabul qilish jarayonida xorijiy tilni bilish kerakligini, hokimlar ham chet tilini bilishi kerakligini ta’kidladi. Bu haqda davlat rahbari raisligida chet tillarini o‘qitish tizimini takomillashtirishga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishidan «Gazeta.uz» muxbiri xabar bermoqda.

Prezident xorijiy tillarni o‘rganish bo‘yicha qishloq xo‘jaligi kabi klaster tizimini joriy qilish zarurligini ta’kidladi.

Kelgusi yildan boshlab, davlat idoralariga ishga qabul qilish va yangi lavozimga tayinlashda xorijiy tilni bilishning majburiy talabi kiritiladi. Chet tilini chuqur egallagan xodimlarning ish haqiga 20 foizgacha qo‘shimcha ustama belgilash tartibi joriy etiladi.

«Ishga qabul qilishda chet tilini bilish majburiy bo‘ladi. Hokimlar ham endi chet tilini bilishi kerak», — dedi prezident.

Prezident xalq ta’limi vaziri va viloyat hokimlari nodavlat ta’lim tashkilotlari bilan hamkorlikda chet tili olimpiadalarini yo‘lga qo‘yishi kerakligini qayd etdi.

Ikki hafta ichida nodavlat ta’lim tashkilotlari va xususiy maktablar faoliyatini rag‘batlantirish bo‘yicha qaror loyiha ishlab chiqiladi. Bunda, kredit foizlari xarajatlarining bir qismi, Tadbirkorlikni qo‘llab-quvvvatlash jamg‘armasi hisobidan qoplab beriladi.

Shuningdek, ijarada turgan o‘quv markazlari ijara to‘lovi xarajatlarining 50 foizgacha qismiga subsidiya ajratiladi hamda davlat mulki ob’ektlarida faoliyat yurituvchi tashkilotlar ijara to‘lovidan ozod etiladi.

Har bir vazirlik, idora, davlat kompaniyalari va yirik xususiy korxonalarda chet tillarini o‘rganishni ommalashtirish maqsadida haftaning bir kuni xorijiy tillarni o‘zlashtirish va o‘rganish kuni etib belgilanadi.

Buning uchun, vazirlik va idoralar, hokimliklar oliygoh va xususiy ta’lim tashkilotlari mutaxassislarini shartnoma asosida jalb qilib, xodimlarga chet tilini o‘rgatishni va xorijiy tillarda ishlashni yo‘lga qo‘yadi.

«Ayniqsa, qizlarimizni chet tillarini o‘rganishga faol jalb etishimiz kerak. Bu orqali nafaqat bitta insonga til o‘rgatamiz, balki oila va jamiyatda til o‘rganish bo‘yicha yangi muhit yaratgan bo‘lamiz», — dedi davlat rahbari.

Xususiy sektor bilan hamkorlikda, tilni o‘rgatuvchi interaktiv materiallarning Internet-platformasi va mobil ilovalari yaratilib, maktab va bog‘chalarda ommabop videodarslardan keng foydalanish yo‘lga qo‘yiladi. Keng aholi qatlamining nutq va muloqotini rivojlantirishga qaratilgan chet tillaridagi multfilm, hujjatli va badiiy filmlar hamda eshittirishlar ko‘paytiriladi.

Shuningdek, Alisher Xodjayevga (MTRK raisi) uch oy muddatda ko‘rsatuv va eshittirishlar 24 soat davomida to‘liq chet tillarida efirga uzatiladigan yangi tele- va radiokanallarni ishga tushirishi topshirig‘i berildi. Bunda, har kuni kamida 3 soatlik dastur xorijiy tillarni onlayn o‘rgatishga ajratiladi.

Xorijiy mutaxassislarni jalb qilgan holda joylardagi 128 ta Ay-Ti markazlarida yoshlarni chet tillariga «onlayn» o‘rgatish kurslari yo‘lga qo‘yiladi. Bunda, til o‘rganish xarajatlarining bir qismi Yoshlar jamg‘armasi hisobidan qoplab beriladi.

Ikki oy muddatda xorijiy tillarni o‘rgatish yuzasidan mahalliy elektron dasturlarni ishlab chiqish «startap» loyihalari bo‘yicha tanlov e’lon qilinadi. Tanlov g‘oliblariga kamida 100 million so‘m mablag‘ ajratiladi va kelgusi 5 yil davomida qo‘llab-quvvatlanadi.