2021/2022-o‘quv yilidan boshlab klinik ordinatura mutaxassisliklari bo‘yicha qabul kvotasini ikki baravarga oshiriladi. Bu prezidentning 5 maydagi sog‘liqni saqlash tizimida olib borilayotgan islohotlarni izchil davom ettirishga oid farmonida keltirilgan.

Hujjatga muvofiq, quyidagilarni nazarda tutuvchi klinik ordinaturada o‘qitishning yangi tizimi joriy etiladi:

  • klinik ordinatura o‘quv davrining ikkinchi yili hududlardagi ixtisoslashgan tibbiyot markazlari filiallarida, viloyat bolalar va kattalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazlari, Respublika shoshilinch tez tibbiy yordam markazi filiallarida o‘tkaziladi, shuningdek, ma’lum bir qismi ish joyida davom ettiriladi;

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan:

  • hududga zarur bo‘lgan tor mutaxassislikdagi shifokorlarni tayyorlash uchun tegishli mahalliy byudjetdan yetarli miqdorda grant ajratiladi hamda mazkur grant asosida ta’lim olgan bitiruvchilarga tegishli hududga borib, uch yil ishlab berish majburiyati yuklatiladi;
  • hududga faoliyat yuritish uchun yuborilgan tor mutaxassislikdagi shifokorlarning yashash xarajatlari mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan qoplab beriladi.

2021 yil 1 iyuldan boshlab nodavlat tibbiyot tashkilotlariga quyidagi faoliyat turlari bilan shug‘ullanishga ruxsat beriladi:

  • maxsus avtotransport vositasida tashkil etiladigan «mobil tibbiyot» xizmati yordamida joyiga chiqqan holda aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish;
  • nodavlat tibbiyot tashkilotining o‘rta tibbiyot xodimlaridan iborat «tibbiy punkt"larini tashkil etish.

Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari SSV bilan birgalikda ushbu chora-tadbirlarni amaliyotga to‘liq joriy etish maqsadida nodavlat tibbiyot tashkilotlari uchun zarur sharoitlar yaratib beradi.