Avvalroq, prezidentning 5 maydagi «Sog‘liqni saqlash tizimida olib borilayotgan islohotlarni izchil davom ettirish va tibbiyot xodimlarining salohiyatini oshirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish to‘g‘risida"gi farmoni qabul qilingani haqida yozgan edik.

Mazkur hujjatda shuningdek, axborot texnologiyalarini qo‘llagan holda 2021 yil 1 noyabrga qadar bepul tibbiy yordam olish huquqini beruvchi order berish tizimi joriy etilishi ham keltirilgandi.

Bunda quyidagilar nazarda tutilmoqda:

  • ehtiyojmand oilalarni «Ijtimoiy himoya yagona reyestri» axborot tizimiga muvofiq aniqlanishi;
  • imtiyozli toifadagi shaxslar uchun davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan davolanadigan kasalliklar ro‘yxati, tibbiy xizmatlar hajmi va tibbiyot muassasasining darajalarini SSV tomonidan Moliya vazirligi bilan kelishilgan holda belgilanishi;
  • imtiyozli toifadagi shaxslarga davlat tomonidan kafolatlangan tibbiy xizmatlar hajmi, turi va kasalliklar ro‘yxatidan tashqari ko‘rsatiladigan tibbiy va boshqa yordamlar qo‘shimcha hisoblanishi hamda ular tomonidan belgilangan tartibda haq to‘lanishi.

Moliya vazirligi respublika ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlarida bepul davolanishga orderlar berish uchun O‘zbekiston prezidenti topshiriqlariga asosan hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish tadbirlari uchun byudjet parametrlarida nazarda tutilgan mablag‘lar hisobidan 2021 yilda SSVga qo‘shimcha 80 milliard so‘m mablag‘ ajratadi.

Bunga qadar, respublika tibbiyot muassasalari rahbarlar va mutaxassislari og‘ir sharoitli tumanlarga shartnoma asosida borib ishlashi, qolaversa, hamshiralik ishi o‘zini o‘zi band qiluvchi faoliyat turiga kiritilgani haqida yozgan edik.