Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, O‘zLiDeP fraksiyasi a’zosi Rasul Kusherbayev «Milliy tiklanish» partiyasining ijtimoiy-siyosiy gazetasining «Janob Liberallar, sukut alomati rizomi?» nomli maqolasiga munosabat bildirdi.

Rasul Kusherbayev oxirgi vaqtlar «Milliy tiklanish» partiyasining chiqishlariga e’tibor qilmaslikka urinayotganini ta’kidladi. «Ular negadir muammolarni sun’iy yaratish, odamlarni urishtirish, nizo chiqarish, oddiy aytganda, fitna qo‘zg‘ashga o‘xshash harakatlar qilayotganga o‘xshaydi», — deydi deputat.

«Balki adashgandirman, biroq bu so‘nggi paytlardagi shaxsiy kuzatuvlarim. Shu bois har bir ishi, chiqishiga e’tibor qilaversam, men ham ayirmachiga aylanib qolaman. Men esa o‘zbek, qirg‘iz, tojik, rus, koreys, tatar, qozoq, uyg‘ur va boshqa do‘stlarim, qadrdonlarim bilan „Sen ariqning u tomonida ekansan“, deb urishishni istamayman», — dedi u.

«Biroq ushbu partiya nashrining 5 may 15-sonida jimjimador qilib ishlangan kollaj ostida bosilgan „Janob Liberallar, sukut alomati rizomi?“ sarlavhali maqolada negadir yana sun’iy ravishda tadbirkorlarga men, Doniyor G‘aniyev va biz a’zo bo‘lgan partiyani yomon ko‘rsatishga urinishibdi. Bunaqa „bozorbop“ chiqish uchun eng munosib javob aslida e’tibor bermaslik edi. Lekin andishaning oti ham qo‘rqoqmas, indamasak bo‘lmasligini tushundik. „Milliy tiklanish“ partiyasi gazetasi bahonasida ularga bir narsani eslatib o‘tmoqchiman: O‘zLiDeP fraksiyasidagi har bir deputat alohida individual shaxs va har birining o‘z mustaqil fikri bor. Fikrlar doim ham bir joydan chiqmasligi mumkin. Chunki liberallik, avvalo, erkinlik va yangilikka intilish degani», — deydi Rasul Kusherbayev.

Deputatning so‘zlariga ko‘ra, hammani birdek, bir qolipda fikrlashga o‘rgatish va ayttirish sobiq ittifoq mafkurasiga xos ish. «Bu mafkura ko‘proq «Milliy tiklanish»ga yoqqan ko‘rinadi. Yoqsa, marhamat, vorislik qilavering, biroq bizni tinch qo‘ying!», — ta’kidladi u.

«Yana bir gap. Maqolada iddao qilingan mavzu, ya’ni ko‘chalardagi reklama masalasida men o‘z fikrimni aytdim: yoqadimi-yo‘qmi, bunisi qiziqmas. Yo‘llar, avvalo, haydovchi va yo‘lovchiga qulay bo‘lishini istayman, yo‘l reklama maydoni yoki bozor emas. Yo‘l, bu o‘z nomi bilan yo‘l axir. Yo‘l bo‘ylariga har qanday bo‘lar-bo‘lmas reklama vositalari qo‘yilishiga shaxsan men qarshiman. Bu gapim yoqmasa yoqmas, biroq sun’iylik qilib, yoqmagan gapni yoqdi, deb aytolmayman-ku! Xullas, reklama qilishga yo‘ldan boshqa joy topish kerak», — deb aytdi Rasul Kusherbayev.

Qonunchilik palatasi deputati so‘nggi vaqtlar «Milliy tiklanish» partiyasi millat taqdiri, tarbiya, bilim degan gaplarni bot-bot takrorlayotgani haqida to‘xtalib o‘tdi.

«Agar rostdan ham shunday bo‘lsa, nima uchun kuni kecha minglab, kerak bo‘lsa, millionlab yurtdoshlarimiz ko‘z tikib turgan «Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida"gi qonunni yangi tahrirda qabul qilish jarayonida aynan «Milliy tiklanish» partiyasi vakillari diniy ta’lim muassasasida ta’limni kengaytirish masalasiga qarshi chiqdi? Diniy bilim, shu jumladan, muqaddas Islom dini haqida ta’lim olish faqat diniy soha xodimlari uchun emas, aholi, shu jumladan, ota-onalar uchun ham erkin bo‘lishi zarurligini ta’kidlagan Doniyor G‘aniyev va meni nima uchun qo‘llab-quvvatlashmadi? Aksincha, ular buni terrorizm, radikalizm bilan bog‘ladi, yurtdoshlarimizga bu masalada ishonishga erta, degan qarash bilan diniy ta’limda erkinlik berilishiga qarshi chiqdi, faqat diniy idora xodimlari uchun diniy ta’lim olish mumkin, degan eskirgan qolipni yoqladi», — deya ta’kidladi u.

«Ushbu pozitsiyangizdan keyin ham Sizlarni kim deb atashimiz kerak, «Milliy tiklanish"mi yoki?» — deya savol berdi O‘zLiDeP fraksiyasi a’zosi.

«O‘ylaymanki, «Milliy tiklanish»ning mendan boshqa tashvishi, muammolari ham ko‘p va yaxshisi, bizni tinch qo‘yib, har xil fitna, g‘iybatlar bilan emas, partiya oldida turgan jiddiyroq ishlari bilan shug‘ullanishsin», — qo‘shimcha qildi Rasul Kusherbayev.