5 may kuni Ombudsman huzuridagi Qiynoq holatlarining oldini olish bo‘yicha Milliy preventiv mexanizm doirasida faoliyat yurituvchi jamoatchilik vakillaridan iborat bo‘lgan ekspert guruhi Toshkent viloyatidagi 22-sonli jazoni jazoni ijro etish koloniyasiga tashrif buyurdi.

Guruh a’zolaridan biri O‘zbekiston inson huquqlari «Ezgulik» jamiyati raisi Abdurahmon Tashanov Facebook`dagi sahifasida qamoqxonada ikki sobiq bosh prokuror hamda MXX sobiq xodimlarini uchratgani haqida yozdi.

«Milliy preventiv mexanizm islohoti doirasidagi o‘rganishlarimiz bu safar huquqni muhofaza qilish organlarining sobiq xodimlari jazo muddatini o‘tashi uchun maxsuslashtirilgan koloniyada kechdi. 1200 nafar mahkumni saqlashga mo‘ljallangan mazkur koloniyada hozirgi kunda 273 nafar mahkum jazo muddatini o‘tamoqda», — dedi u.

Jamoat vakilining aytishicha, koloniyaning boshqa turdoshlaridan sharoit nuqtai nazaridan deyarli farqi yo‘q. Qamoqxonalarga belgilangan standartlar asosida tibbiyot, o‘quv, ovqatlanish va ishlab chiqarish bo‘limlari tashkil qilingan. Sport mashg‘ulotlari uchun alohida sharoitlar mavjud.

«Xullas, qamoqxona sharoiti, umumiy ahvol, mahkumlarga munosabat masalasida muammolar ko‘pam ko‘zga tashlanmaydi. Har holda „chest mundira“, „qarg‘a qarg‘aning ko‘zini cho‘qimas“ singari beo‘xshov matallarga ergashilsa, bu yerda muammolarning kamligini tushunish mumkin bo‘ladi», — dedi Abdurahmon Tashanov.

Foto: Ombudsman matbuot xizmati.

Mazkur jazoni o‘tash muassasasida muddatini o‘tayotgan yuqori darajadagi mulozimlar, jumladan, sobiq bosh prokurorlar Rashitjon Qodirov, Ixtiyor Abdullayev, sobiq MXX katta zobiti Javdat Sharifxo‘jayev, bosh prokuror o‘rinbosari Ulug‘bek Sunnatov va Xurramovlar bor.

«Avval mamlakatimizga uch muddat bosh prokurorlik qilgan Rashidjon Qodirov bilan suhbatlashdik. U kishidan sharoitlar, mahkumlarga muomala haqida so‘radim. Har holda hushyor odam — yaqin bir oyda manzil koloniyaga chiqishini, shikoyatlari yo‘qligini, BMT strukturalariga qiynoqlar bo‘yicha shikoyat qilmaganini, sog‘lig‘i yaxshiligini aytdi. „Yurak bo‘yicha avvalroq sangorodda davolangandik, hozir hammasi yaxshi“», — deya Qodirovning so‘zlarini keltirmoqda «Ezgulik» jamiyati raisi.

Uning ta’kidlashicha, «sobiq bosh prokuror Rashidjon Qodirov hozirda tikuv sexida ishlamoqda. Uning qo‘lidan chiqqan guldor matolardan tikilgan bejirim ayollar ko‘ylagi, lozimi va boshqa ashyolar ko‘zni quvontiradi».

U DXX sobiq raisi Ixtiyor Abdullayevni chinni sexida ishlayotganini guvohiga aylanganini aytdi.

«General Abdullayevni chinni sexida idishga naqsh solayotgan jarayonda uchratdim. Ungacha muassasaning tibbiy bo‘limiga kirib, u kishining tibbiy kartasi bilan tanishgandim. Hujjatga ko‘ra, Abdullayev JKning 242- va 301-moddalari bilan 16 yilga ozodlikdan mahrum qilingan. Unga nisbatan yaqin orada ikki marta o‘tkazilgan COVID-19 testi manfiy chiqqan. Bo‘yin umurtqa pog‘ona qismidagi og‘riqdan shikoyat qilgan», — deydi Abdurahmon Tashanov.

Jamoat vakilining qayd etishicha, «ko‘zining ko‘rish darajasi birinchi ko‘zda +1 va ikkinchi sohada +2,58. Tibbiyot qismi okkulistining aytishicha, Abdullayev 2017 yilda Germaniyada ko‘z gavharlarini almashtirish bilan bog‘liq jarrohlik amaliyoti o‘tkazgan. Ya’ni, ko‘z xastaligi tergov yoki zonada orttirilmagan».

Foto: Ombudsman matbuot xizmati.

«Ezgulik» jamiyati raisi Ixtiyor Abdullayevga uning otasi va o‘g‘li bir qancha OAV orqali prezidentga murojaat qilgani, unga nisbatan qiynoqlar qo‘llanilgani va hozirda uni yaqinlari bilan ko‘rishtirishmayotgani, izolyatsiyada saqlanayotgani haqida bayonotlar berishayotganini aytgan.

DXX sobiq raisi esa «hammasi yaxshi bo‘ladi, bu gaplar prezidentimizga yetib borsa, adolat qiladilar»dan nariga o‘tmagan.

Ta’kidlanishicha, ikki sobiq bosh prokuror ham o‘ta ehtiyotkorlik bilan muomalada bo‘lgan. «To‘g‘rirog‘i, komissiyalarning nimaligi, qayergacha bora olishini o‘tmishdagi faoliyati orqali yaxshi biladigan bu mulozimlar vaziyatni murakkablashtirib o‘tirishmadi. Har holda menga shunday tuyuldi», — deydi Tashanov.

Foto: Ombudsman matbuot xizmati.

U shuningdek, sexlardan chiqishda sobiq MXX polkovnigi Javdat Sharifxo‘jayev bilan ko‘rishganini, u ham hech qanday shikoyati yo‘qligini aytganini ma’lum qildi.

Ma’lumot uchun, Javdat Sharifxo‘jayev 2016 yil O‘zbekistonning Harbiy sudi tomonidan noqonuniy tadbirkorlik, korrupsiya, ta’magirlik va katta miqdorda davlat mablag‘larini o‘zlashtirishda aybdor deb topilib, 16 yilga ozodlikdan mahrum qilingan edi.

«Yana bir ma’lumot. Ijtimoiy tarmoqlarga yaxshi tanish bo‘lgan MXX polkovnigi Nodir To‘raqulov yaqin-yaqingacha shu yerda ekan — Jasliqqa (umrbod)ga o‘tkazishibdi. Hamtovog‘i Shuhrat G‘ulomovning oldiga ketibdi», — dedi «Ezgulik» jamiyati raisi.

Qayd etilishicha, qamoqxonada siyosiy ahamiyatga molik bo‘lgani uchun bosh prokurorlarga alohida mulozamat yoki kuzatuv yo‘q. Alohida osh-ovqat ham ajratilmagan, ko‘pchilikda nima bo‘lsa, shu. Koloniyaning kattagina qismi ta’mirlanayotgani, oshxonadagi ovqatlar ham yomon emasligi, kutubxona, sport zallari va zerikib qolmaslik va pul topish uchun tashkil qilingan sexlar mavjudligi aytilmoqda.

Jamoatchilik vakili so‘zining yakunida: «g‘alatiroq taassurotlar bilan qaytdim. Bir paytlar u bilan suhbatlashish, so‘roqqa tutish tugul oldiga bora olmaganimiz bu odamlar bugun mahzun, avvalgi salobatdan asar ham yo‘q…», — dedi.