23−27 may kunlari Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili Piter Burianning O‘zbekistonga tashrifi, may-iyunda esa Toshkent va Bryussel o‘rtasida boshqa aloqalar o‘rnatilishi kutilmoqda, deya chorshanba kuni jurnalistlarga ma’lum qildi O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligining rasmiy vakili va matbuot kotibi Yusuf Qobuljonov.

Bundan tashqari, O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilovning «O‘zbekiston-Yevropa Ittifoqi» hamkorlik kengashida ishtirok etish uchun Bryusselga tashrifi, qolaversa, Yevropa komissiyasi, Yevropa tashqi aloqalar xizmati va Belgiya TIV rahbariyati bilan uchrashuvlarini tashkillashtirish ishlari olib borilmoqda.

Tomonlar shuningdek, siyosat va xavfsizlik masalalari bo‘yicha yuqori darajadagi «Yevropa Ittifoqi-Markaziy Osiyo» yig‘ilishni o‘tkazish bo‘yicha muzokaralarni olib bormoqda.

TIV vakilining qo‘shimcha qilishicha, o‘zaro bog‘liqlik va barqaror rivojlanish bo‘yicha «Yevropa Ittifoqi-Markaziy Osiyo» birinchi vazirlar uchrashuviga tayyorgarlik jarayonlari davom etmoqda.

Avvalroq, Piter Burian Yevropa Ittifoqi O‘zbekiston bilan yangi kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risida ikki tomonlama bitimga tayyorgarlik ishlari yakunlanayotganini qayd etgandi. Bitim 1999 yildan beri hamkorlik va sheriklik borasida amalda bo‘lgan kelishuv o‘rnini egallaydi.