Hukumat qarori bilan, 1 iyundan xususiy sektor barcha toifadagi avtomototransport vositalarini boshqarish huquqini beruvchi haydovchilik guvohnomasini olish uchun nazariy va amaliy imtihonlarni o‘tkazish huquqi berildi.

Mazkur huquq avtomototransport vositalari va shahar elektr transporti vositalari haydovchilarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish bo‘yicha nodavlat ta’lim xizmatlari ko‘rsatish faoliyati uchun litsenziyaga ega tadbirkorlarga beriladi.

Ilgari bu tartib Ichki ishlar vazirligi Davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmati va uning hududiy bo‘linmalari tomonidan amalga oshirilib kelinayotgan edi.

Ushbu tartib trolleybus va tramvay transport vositalarini boshqarish huquqini beruvchi haydovchilik guvohnomasini olish uchun tatbiq etilmaydi.

Eslatib o‘tamiz, prezidentning 2020 yil 7 dekabrdagi qarori bilan xususiy sektorga imtihonlarni tashkil etish huquqi 1 apreldan berilishi qayd etilgan edi.