Ijtimoiy tarmoqlarda 9 may kuni Toshkent shahrida «O‘lmas polk» aksiyasini o‘tkazishga ruxsat berilgani haqidagi xabarlar tarqaldi. Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati ushbu holatga munosabat bildirdi.

Ma’lum qilinishicha, jamoatchilik orasida bunday xabarning tarqalishiga Toshkent shahar hokimi o‘rinbosari M.Muhitdinovning poytaxtda «O‘lmas polk» aksiyasini o‘tkazish bo‘yicha Toshkent shahar IIBB va YHXBga yo‘naltirgan xati noto‘g‘ri tarjima qilingani sabab bo‘lgan. Shahar hokimligi mazkur murojaatda «Prinyat k ispolneniyu v ustanovlennom poryadke» (Belgilangan tartibda ijroga qabul qilinsin) emas, balki «O‘rnatilgan tartibda ko‘rib chiqilsin», deya imzo chekilganligini ma’lum qildi.

«Natijada keng jamoatchilikka „mutasaddilar mazkur aksiyani o‘tkazish uchun ruxsat berishgan bo‘lsa-da, huquq-tartibot idoralari bunga qarshi chiqmoqda“ degan mazmunda asossiz xabar tarqatilgan», — deyiladi xabarda.

Qayd etilishicha, «O‘lmas polk» aksiyasi tashkilotchilari murojaat qilgan hech bir mutasaddi tashkilot tomonidan bugungi pandemiya sharoitida mazkur ommaviy tadbirni o‘tkazishga ruxsat berilmagan.

Koronavirusga qarshi kurashish bo‘yicha Respublika maxsus komissiyasining qaroriga asosan joriy yil 1 maydan boshlab mamlakatimizda turli ommaviy tadbirlar, xususan, konsert dasturlari, bayram tomoshalari va ommaviy yurishlarni o‘tkazish vaqtinchalik to‘xtatilgan.

Mavjud vaziyatdan kelib chiqib, bu yil Xotira va qadrlash kuni umumxalq bayramiga bag‘ishlangan tadbirlarni karantin qoidalariga qat’iy rioya qilgan holda, ixcham shakllarda o‘tkazish choralari belgilangan.

«Bunday cheklovlar yuzlab odamlar ishtirok etishi ko‘zda tutilgan „Bessmertnыy polk“ ommaviy tadbiriga ham daxldor ekanini unutmaslik lozim», — deyiladi shahar hokimligi munosabatida.