YouTube`dagi «Planetka» kanali ijodkorlari Samarqandga kelgach, ularga Alisher ismli fuqaro hamroh bo‘lgan (gidlik qilgan). Ijodkorlar va ushbu fuqaroning ishtirokidagi video YouTube`ga joylangach, Alisher ommaning e’tiborini tortgan.

Keyinchalik kanal ijodkorlari Alisherga turizm politsiyasi 15 kunga qamash bilan tahdid qilgani haqida xabar tarqatdi. Mazkur holat yuzasidan IIV matbuot kotibi Shoxruh G‘iyosov o‘z telegram-kanalida izoh berdi.

Bayonotga ko‘ra, samarqandlik «Alisher» ismli gid to‘g‘risida tarqalgan xabarlar haqiqatga mos kelmaydi.

Samarqand viloyati IIB Turizmning xavfsizligini ta’minlash boshqarmasi xodimlari Alisher bilan suhbat o‘tkazib, unga «rasmiy litsenziya olib, so‘ng turistlarga xizmat ko‘rsatish» tavsiya qilingan.

«Ma’lumot uchun, butun dunyoda turistik politsiyaning asosiy vazifalaridan biri noqonuniy ish olib borayotgan gidlarning faoliyatini tartibga solishdan ham iborat», — deyiladi xabarda.