Toshkent shahar hokimiyati Raqamli rivojlanish departamenti fevral oyida «Xalq nazorati» xizmatini ishga tushirdi. «Gazeta.uz» loyiha rahbari Oybek Niyozovning ushbu xizmatning maqsad va vazifalari, nima uchun u haqiqatan ham shaharni obod qilishi mumkinligi to‘g‘risidagi maqolasini havola etadi.

«Xalq nazorati» xizmati nima uchun kerak?

Ushbu xizmat fuqarolarning maishiy muammolari va shaharning infratuzilmaviy kamchiliklarini hal qilishga qaratilgan. Uning yordami bilan toshkentliklar yo‘llarning holatidan shikoyat qilishlari, buzilgan lift yoki ishlamaydigan svetofor haqida ma’lum qilishlari mumkin. Biz muammolar haqidagi ma’lumotlarni tegishli idoralarga yetkazamiz va ular ushbu muammolarni hal qilishadi. Bu kabi xizmatlar Janubiy Koreya, Estoniya, Rossiya va boshqa mamlakatlarda mavjud.

Agar fuqaro ma’lum bir kam ta’minlangan oilaga ijtimoiy turar joy ajratish kerakligini so‘rab murojaat qilsa, biz bu murojaatni rad etamiz. Xohlamaganimiz uchun emas, balki bu kabi muammolar xizmatning maqsadlari va vazifalariga mos kelmasligi sababli. Bunday muammolarni shahar ma’muriyati, xalq qabulxonalari, prezident portali va boshqa davlat idoralariga murojaat qilish orqali hal qilish osonroq va samaraliroq.

Xizmat qanday yaratilgan

Dastlab biz «Xalq nazorati» xizmatini 2020 yil 1 avgustda ishga tushirmoqchi edik. Ammo uni ishga tushirish vaqtini kechiktirishga to‘g‘ri keldi, chunki dastlabki konsepsiya noto‘g‘ri edi. Platformaning birinchi versiyasida barcha shikoyatlar bitta ma’lumotlar bazasiga tushardi va qo‘lda saralanardi. Xuddi pochta qutisi kabi edi. Biz bu yetarli darajada qulay va samarali emas degan qarorga keldik va muammolar dastur tomonidan saralanib, darhol o‘z manziliga yetib borishi uchun jarayonni avtomatlashtirish ustida ishlay boshladik.

Keyin biz shahar idoralari xodimlariga platformadan qanday foydalanish kerakligini tushuntirdik. Ular bizga fikr-mulohazalarini bildirishdi, shundan so‘ng biz xizmatni yanada takomillashtirdik va interfeysni iloji boricha tushunarli va estetik jihatdan yaxshiroq qilishga harakat qildik. Natijada, xizmatning ishga tushirilish vaqti yana ikki marta orqaga surildi va faqat fevral oyida faoliyatni yo‘lga qo‘ydik.


Xizmatdan foydalanish bo‘yicha davlat idoralari xodimlari uchun trening. Foto: Toshkent hokimiyati.

«Xalq nazorati» ishga tushirilgan kuni bizda foydalanuvchilar soni katta edi. Serverning ishdan chiqishi sababli foydalanuvchilar ro‘yxatdan o‘ta olishmadi. Bir necha soat ichida biz muammoni bartaraf qildik va ro‘yxatdan o‘tish qayta tiklandi. Nosozlik bo‘lishiga qaramay, birinchi kuni 382 kishi tizim ro‘yxatidan o‘tishdi.

Biz platformani yaxshilashga ulgurdik: asosiy dasturiy xatolarni aniqladik, ro‘yxatdan o‘tishdagi muammolarni bartaraf qildik va serverni ishonchli qildik — endi biz server to‘satdan ishdan chiqmasligini aniq bilamiz.

Ishga tushirilgandan so‘ng, biz ba’zi idoralar fuqarolarning muammolarini bartaraf etishda mas’uliyatsizlik bilan yondashayotgani bilan to‘qnash keldik. Bundan tashqari, shahar idoralarining ayrim xodimlari ushbu platforma qanday ishlashini darhol tushunishmadi, natijada, aholi so‘rovlari uzoq vaqt javobsiz qoldi.

Xizmatning eski ish uslublariga nisbatan bitta muhim ustunligi bor: u hujjatlar bilan ortiqcha rasmiyatchilikni talab qilmaydi va shahar idoralari xodimlariga fuqarolar bilan onlayn muloqot qilishda yordam beradi, bu ularning muammolarini hal qilishni tezlashtiradi.

Shahar idoralari ilgari qanday ishlagan

«Xalq nazorati» xizmati ishga tushgunga qadar aholining muammolari qog‘oz jurnallarga qayd etilgan. So‘ngra ular «suv yo‘q», «gaz yo‘q», «yo‘llardagi chuqurlar» va boshqalar kabi toifalarga bo‘lingan. Keyin ma’lumotlar qo‘lda Excel hujjatga kiritilgan. Shundan so‘ng, hujjat mas’ul idoralarga yuborilgan. Har bir shahar idorasi, shuningdek, o‘z daftarlarini yurgizishgan. Ular ham xuddi yuqorida aytilgani kabi daftarga yozilgan muammolarni qayta Excel hujjatga kirgizishgan.

Natijada, hammaning o‘z daftarlari va hujjatlari bo‘lgan. Muammolarni qayd etish, ularning hal qilingan-qilinmaganligini aniqlash juda qiyin edi. Butun jarayon judayam uzoq — ba’zan bir necha oy davom etgan.

«Xalq nazorati»da hamma narsa oson: yagona ma’lumotlar bazasi, har bir idora uchun shaxsiy kabinetlar, muammolar onlayn keladi, ularni bir-ikki marta tugmaga bosish orqali ko‘rish va yechilganini belgilash mumkin.

Platforma o‘zi muammolarni saralaydi va kerakli idoraning shaxsiy kabinetiga yo‘naltiradi. Idoralar muammoni unutishidan saqlab turuvchi taymerlar mavjud. Va eng muhimi, shikoyat muallifi o‘zi tasdiqlamaguncha, muammoni hal qilingan deb belgilashning imkoni yo‘q.

«Xalq nazorati» qanday ishlaydi?

Yuqorida ta’kidlaganimizdek, platforma fuqarolarning maishiy muammolari va shaharning infratuzilmaviy kamchiliklarini hal qilishga qaratilgan. Agar sizning liftingiz buzilib qolsa, biror bir joyda svetofor ishlamay qolsa yoki atrofingizda kerakli yo‘l belgilari bo‘lmasa, agar siz yo‘llardagi chuqurlarni payqasangiz yoki suv, gaz, elektr toki o‘chib qolsa — «Xalq nazorati» bu muammolarni hal qilishda yordam beradi .

Har bir shikoyat Toshkentning interaktiv xaritasida qayd etiladi, bu tizimdagi muammolarni aniqlashga yordam beradi. Masalan, shaharning biror bir joyida yo‘llarning sifati to‘g‘risida o‘nlab shikoyatlar bo‘lsa, bu poytaxt ma’muriyatiga ushbu joydagi yo‘l infratuzilmasi yanada samarali va tizimli yechimlarga muhtoj ekanligidan darak beradi.


Tizimda ro‘yxatdan o‘tish uchun fuqarolar pasport ma’lumotlarini kiritishlari kerak. Amaldagi qonunchilikka binoan, biz anonim murojaatlarni ko‘rib chiqa olmaymiz. Bundan tashqari, agar fuqarolar muammo haqida boshqa idoralarga xabar berishga harakat qilsalar, ular o‘zlarining pasport ma’lumotlarini ham taqdim etishlari lozim.

«Xalq nazorati»ga kelib tushgan murojaatning qanday ko‘rib chiqilishini faraz qilamiz. Masalan, mobil ilovada siz «O‘chib ketgan piyodalar yo‘l chiziqlari» muammosi toifasini tanladingiz, manzilni tanladingiz va ariza yubordingiz. U darhol kerakli tashkilotga, bu holda — Yo‘l harakatini tashkillashtirish markaziga (YHTM) yuboriladi.

YHTM bizning tizimimizdan muammo to‘g‘risida, uning manzili, shikoyat matni va ilova qilingan bo‘lsa, o‘chirilgan yo‘l chiziqlari fotosurati (fotosuratni yuborish shart emas, lekin bu muammoning yechimini tezlashtiradi) haqida ma’lumot oladi. Keyin manzilga xodimlar yuboriladi, ular yo‘l chiziqlarini yangilaydi va natijani suratga oladi. Natijada, muammo hal qilinganligi to‘g‘risida xabar olasiz. Siz muammo haqiqatan ham hal qilinganligini tasdiqlashingiz yoki xabarnomani bekor qilishingiz va muammoni qayta ko‘rib chiqishga yuborishingiz mumkin.

Muammoni hal qilish uchun ijrochiga 10 kun beramiz. Ammo u ushbu muddatni uzaytirilishi sababini majburiy tushuntirish sharti bilan uzoqroq muddatga o‘zgartirishi mumkin. Hozir muammolarning mohiyatiga qarab, ularni hal qilish uchun aniq muddat belgilash ustida ishlayapmiz. Biroq, masalan, svetoforni ta’mirlash vaqt, yo‘llardagi chuqurlarni yamash esa mablag‘ talab qiladi.

Shunday holatlar ham bo‘ladiki, muammolarni ma’lum idoraga yuborgan bo‘lishimizga qaramay, ish baribir bajarilmaydi. Bunga sabab sifatida turli omillarni keltirishimiz mumkin: ba’zi idoralar hali tizimga to‘liq o‘rganmagan, ba’zilari xodimlarning yetishmasligi sababli muammolarni hal qilishga ulgurmaydi, qayerdadir esa mas’uliyatsizlik xalaqit beradi.

Biz bu kabi muammolarni hal qilishga harakat qilamiz: idoralar bilan uchrashuvlar o‘tkazamiz, platforma qanday ishlashini ko‘rsatamiz va mahorat darslarini tashkil qilamiz. Biz vaqt o‘tishi bilan fuqarolarning «Xalq nazorati»ga keladigan va xizmat bilan bog‘liq barcha muammolari o‘z vaqtida va to‘g‘ri yo‘l bilan hal etiladi deb umid qilamiz, ammo hozircha har doim ham bu ishning uddasidan chiqolmayapmiz.

Bundan tashqari, biz moderatorlarni — vazifasi munozarali vaziyatlarga ob’ektiv javob berish bo‘lgan manfaatsiz tomonni yolladik. Moderatorlar ariza beruvchining rozi bo‘lmagan masalalarini qayta ko‘rib chiqishadi. Ular shikoyatchining arizasi va javobini, chatdagi yozishmalarni o‘rganishadi va nihoyat, arizani qayta ko‘rib chiqishga yuborish yoki ishni bajarilgan deb topish to‘g‘risida qaror qabul qilishadi. Moderator ariza beruvchiga o‘zining qarori to‘g‘risida xabar beradi.

Ijrochilarga fuqarolarning muammolarini hal qilganligi uchun to‘lov olish taqiqlanadi. Agar ariza beruvchidan pul talab qilinsa, bu haqda «Xalq nazorati» xizmatining o‘zi (moderator ko‘rib turgan suhbatda yoki muammoni yopishda) orqali xabardor qilish kerak. Bundan tashqari, saytning yuqori qismida «Xatolik haqida xabar berish» tugmasi mavjud. U o‘sha yerning o‘zida muammolar haqida xabar berish mumkin bo‘lgan Telegram botiga olib o‘tadi.

Hayotiy holatlar bo‘yicha misollar

Keling, farazdagi misollarni bir yoqqa surib qo‘yamizda, hayotiy misollarni keltiramiz. Yaqinda Yunusobod tumanidan bizga murojaat kelib tushdi. Nafaqaxo‘rning aytishicha, yomg‘ir paytida kanalizatsiya tizimining yomon ishlashi sababli uning hovlisi ifloslangan suv bilan to‘lgan.


Foto: Toshkent hokimiyati.

Uning suvoqava idorasiga qilgan murojaatlari javobsiz qolgan, shuning uchun u «Xalq Nazorati»ga yozishga qaror qiladi. Natijada, «Toshkent shahar suv ta’minoti» xodimlari platformaning shaxsiy kabinetidagi arizani ko‘rishdi va murojaatchining muammosini bir kunda bartaraf etishdi.


Foto: Toshkent hokimiyati.

Boshqa bir murojaat Mirzo Ulug‘bek tumanidan kelib tushdi. Ko‘p qavatli uylarning birida liftni almashtirish ishlari to‘rt oyga cho‘zilgan. Ushbu uyda yashovchi fuqaro shu vaqt davomida odamlar to‘qqizinchi qavatga qorong‘ilikda zinadan chiqishlari kerakligi haqida yozgan. Uy egalari orasida bo‘lgan nafaqaxo‘rlar uchun zinadan ko‘tarilish ayniqsa qiyin. «Xalq nazorati»ga qilingan murojaatdan so‘ng lift 20 kun ichida o‘rnatildi.

Uchtepa tumani To‘qimachi ko‘chasida yo‘lning o‘rtasida ichidan yog‘och tayoq chiqib turgan ochiq chuqur bor edi.


Foto: Toshkent hokimiyati.

Bu haydovchilar va piyodalar uchun xavfli edi — chuqurga osongina tushib ketish yoki uni bosib o‘tish mumkin edi. Odamlar bu haqda «Xalq nazorati»ga yozishdi va 24 soat ichida chuqurlar yamaldi.


Foto: Toshkent hokimiyati.

Albatta, har doim ham barcha muammolar hal etilmaydi. Yuqorida sanab o‘tilgan sabablarga qo‘shimcha ravishda, biz fuqarolarga yordam bera olmagan yana bir misolni keltiramiz.

Chilonzor tumanidagi turarjoy hovlisidan birida yangi asfalt yotqizilgan, ammo transport harakatini tinchlantirish uchun hech qanday to‘siqlar ko‘zda tutilmagan. Natijada haydovchilar juda tez harakatlanib, piyodalar uchun xavf tug‘dirgan.

Ushbu muammo to‘g‘risida «Xalq nazorati»ga murojaat kelib tushgan, fuqaro bir nechta sun’iy noteksliklar («yotiq politsiyachi») o‘rnatishni so‘ragan, hatto taxminiy o‘rnatish nuqtalari xaritasini ilova qilgan. Bir qarashda ajoyib g‘oya. Ammo buning iloji yo‘q, «yotiq politsiyachi» o‘rnatish masalasi hokimiyat vakolatiga kirmaydi.

Turar-joy binolarining hovlilari XUMSHga tegishli bo‘lib, ushbu hududda «yotiq politsiyachi» o‘rnatish to‘g‘risida qaror shirkat tomonidan qabul qilinishi kerak. Bundan tashqari, ularni o‘rnatish xarajatlari XUMSHning o‘zlari tomonidan qoplanishi kerak.

Agar katta yo‘lda to‘siq o‘rnatish zarur bo‘lsa, biz arizani qabul qilib, YHXBBga yuborishimiz mumkin edi, ammo hokimiyat idoralari XUMSHga ta’sir ko‘rsatish uchun qonuniy huquqqa ega emaslar.

Biz murojaat etuvchiga unga ushbu muammoni hal qilishda yordam berolmasligimizni aytdik. Javoblarimizda biz har doim qaysi idora muammoni hal qilishi mumkinligini ko‘rsatamiz va ularning huquqiy normativ hujjatlari asoslariga havolalarni taqdim qilamiz.

Platformaning muammolari

Hozirgi asosiy muammo — omnikanal chipta tizimining (OCHT) yo‘qligi. OCHT — bu hokimiyat bilan o‘zaro aloqaning barcha kanallaridan fuqarolarning so‘rovlari to‘planadigan tizim. «Xalq nazorati» bilan parallel ravishda hokimiyatning ishonch telefoni va elektron pochta orqali ish olib boriladi va ushbu kanallarning har biri aholi murojaatlarini va ularning tarixini bir-biridan alohida saqlaydi.

Agar bizda OCHT bo‘lsa, barcha so‘rovlar muammo qay yo‘l — telefon, elektron pochta yoki to‘g‘ridan -to‘g‘ri platformaga yozish orqali bildirilganligidan qat’iy nazar, bitta onlayn ma’lumotlar bazasiga tushishi mumkin edi. OCHTni yaratish bizning maqsadimiz.

Yana bir muammo shundaki, ko‘plab idoralar onlayn platformaga o‘tishga tayyor emas. Ular daftarlar va Excel hujjatlarga o‘rganib qolishgan va zamonaviy texnologiyalarga moslashishlari qiyin kechmoqda.

Kelajakka rejalar

Biz suv, gaz yoki elektr quvvati uzilishi to‘g‘risida ogohlantirish tizimini yaratishni rejalashtirmoqdamiz. Hozir odamlarga qiyin, chunki kommunal xizmatlar to‘satdan o‘chishi mumkin. Buni toshkentliklar, masalan, biror bir ta’mirlash ishlari rejalashtirilgan bo‘lsa, masalan, uch kun ichida suvning o‘chirib qo‘yilishini aniq bilishlari uchun to‘g‘irlamoqchimiz.

Ba’zida avariyalar sodir bo‘ladi va shu sababli biror bir joyda chiroq o‘chadi. Odatda, odamlar nima bo‘lganini va elektr qachon tuzatilishini bilishmaydi. Agar ular «Xalq nazorati»da ro‘yxatdan o‘tishgan bo‘lsa va hodisa ta’sir qilgan uylarda yashashsa, bizning ogohlantirish tizimimiz bu haqda ularga xabar beradi.

Biz platformaning imkoniyatlarini doimiy ravishda kengaytirishga harakat qilmoqdamiz. Dastlab bizda 60 toifadagi muammolar mavjud edi, ammo biz hududiy ekologiya boshqarmalari, «O‘zbektelekom» va boshqalarni uladik. Xizmatning imkoniyatlari doimiy ravishda o‘sib boradi.

Bundan tashqari, biz ushbu xizmatni nafaqat Toshkent aholisi, balki mamlakatning barcha fuqarolariga yordam beradigan darajada butun mamlakat bo‘ylab miqyosini kengaytirmoqchimiz.

Ba’zi statistik ma’lumotlar

Aprel oyi oxirida xizmatga 1363 ta so‘rov kelib tushdi. Ulardan 352 tasi ijobiy hal qilindi, 724 tasi turli sabablarga ko‘ra hal qilinmadi, 126 tasi takrorlanganligi, ma’lumot yetishmasligi va boshqa sabablarga ko‘ra rad etildi.

Hozircha Yashnobod tumani eng faol hisoblanadi. U yerdan 295 dan ortiq arizalar kelib tushgan. Undan keyin Yunusobod (276) va Mirzo-Ulug‘bek (250) tumanlari murojaatlar soni bo‘yicha faollik ko‘rsatishyapti.

Ko‘pincha yo‘llar bilan bog‘liq muammolar paydo bo‘ladi. Foydalanuvchilarning 57 foizi yo‘llardagi nosozliklar ustidan shikoyat qilmoqda.

Foydalanuvchilar orasida juda faol fuqarolar bor. Masalan, bir foydalanuvchi 70 dan ortiq so‘rov yuborgan.


Qanday va qayerdan yuklab olish mumkin?

Xizmatdan kompyuter yoki smartfon yordamida sayt orqali foydalanishingiz mumkin. Shuningdek, Android va iOS uchun mobil ilova ham mavjud.

Bizning xizmat shahar idoralari uchun emas — odamlar uchun. Siz «Xalq nazorati» xizmati orqali muammo haqida xabar berganingizda, Toshkentni obodroq qilasiz.