O‘simlik yog‘i narxining ko‘tarilishi bojxona omborlarida ushbu mahsulot hajmining keskin ortishiga olib keldi. Bu, o‘z navbatida, sun’iy taqchillikka olib borishi mumkin. Bu haqda Prezident administratsiyasi huzuridagi Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi (ITIM) matbuot xizmati «Gazeta.uz»ga ma’lum qildi.

«Narx-navoning oshishiga ta’sir ko‘rsatgan yana bir omil-o‘simlik yog‘i importini QQSdan ozod qilish to‘g‘risidagi qonunning kuchga kirishi, bu esa bojxona omborlarida o‘simlik yog‘ining ortiqcha miqdorda to‘planishiga olib keldi», — deya ma’lum qildi ITIM.

Markazning qayd etishicha, joriy yilning 27 aprel holatiga ko‘ra, bojxona omborlarida 3,5 ming tonna kungaboqar yog‘i 4,74 mln AQSH dollariga teng) va may oyi boshida (2021 yil 4 may) 6,5 ming tonna yog‘ mavjud bo‘lgan.

«Shu bilan birga, o‘simlik yog‘i narxining o‘sishi to‘xtadi. Shunday qilib, operatsion ma’lumotlarga ko‘ra, o‘tgan hafta o‘simlik yog‘i narxlarining 1,5% ga, bir hafta oldin esa 5% ga pasayishi kuzatildi. Bozorning ushbu ko‘rsatkichlari o‘simlik yog‘i narxlari darajasining barqarorlashuv tendensiyasini ko‘rsatadi», — deyiladi xabarda.

ITIMning qayd etishicha, joriy yilning aprel oyida dehqon bozorlari va savdo markazlarida respublikadagi o‘simlik yog‘ining o‘rtacha narxi 16 271 so‘mni tashkil etdi, bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 5 451 so‘m ko‘p (50% o‘sish).

2020 yilda O‘zbekistonda 500 ming tonnaga yaqin o‘simlik yog‘i sotildi. Import ulushi 57% ni (285 ming tonna), mahalliy ishlab chiqarish ulushi esa 43% ni (249 ming tonna, shu jumladan, 32 ming tonna eksport) tashkil etdi.

O‘zbekistonda o‘simlik yog‘i narxining oshishi bir necha omillar bilan izohlanadi:

  • BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) tomonidan hisoblangan o‘simlik yog‘lari indeksi o‘tgan yilning aprel oyidagi 81 banddan 2021 yilning fevral oyidagi 147 bandga (81% ga o‘sish) oshdi.
  • Tashqi bozorda va eksport qiluvchi mamlakatlarda avvalgi mavsumlarga nisbatan ishlab chiqarish hajmining nisbatan pastligi kuzatilmoqda, shu munosabat bilan kungaboqar yog‘i va urug‘ini eksport qilish bo‘yicha yuqori bojxona to‘lovlari tartibi joriy etildi.

Import narxlarining oshishiga yirik hamkor davlatlar tomonidan eksport cheklovlarining joriy etilishi ta’sir ko‘rsatadi. Xususan, Rossiyada 2021 yilning 9 yanvaridan 30 iyuniga qadar kungaboqar urug‘larini Bojxona ittifoqidan tashqariga eksport qilish boji 6,5% dan 30% gacha, lekin tonnasiga 165 yevrodan kam bo‘lmagan miqdorda oshirildi.

2020 yilda RFda kungaboqar urug‘ini ishlab chiqarish o‘tgan yilga nisbatan 13,7% ga kamaygan. Rosstat ma’lumotlariga ko‘ra, o‘tgan yili Rossiyada kungaboqar yog‘ining narxi 26% ga oshgan.

Shu bilan birga, o‘tgan yili respublika sanoat-tarmog‘ining yirik korxonalari tomonidan 249 ming tonna o‘simlik yog‘i ishlab chiqarildi, bu 2019 yilga nisbatan 5 ming tonna ko‘p (2%). Joriy yilning yanvar-mart oylarida esa 78,3 ming tonna o‘simlik yog‘i ishlab chiqarildi, bu 2020 yilning yanvar-mart oylariga nisbatan 2,3 ming tonnaga ko‘pdir, deya qayd etdi ITIM.

«Gazeta.uz» avvalroq nima uchun o‘simlik yog‘i narxlari o‘sgani, ushbu mahsulotni qaysi kompaniyalar qayerdan va qancha hajmda import qilayotgani haqida yozgan edi. Misol uchun, 5 ta importyor (245 tadan) 2020 yilda O‘zbekistonga 49 foiz mahsulotni olib kirgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 29 aprel kuni o‘simlik yog‘i, kungaboqar va zig‘ir urug‘i, shuningdek soya danaginining importini QQSdan ozod qilish to‘g‘risidagi qonunni imzoladi. Shu bilan birga, ayrim turdagi oziq-ovqat mahsulotlariga nisbatan eksport bojxona bojlari kiritilmoqda.

Avvalroq Senat majlisida moliya vaziri o‘rinbosari Dilshod Sultonov o‘simlik yog‘i importi QQSdan ozod qilinishi sababli byudjetga 267 mlrd so‘m tushum tushmasligini hamda ushbu yo‘qotish o‘rni qanday qoplanishi haqida ma’lumot bergan edi.