AQSHdan Qoraqalpog‘istonga gumanitar yordam sifatida 3 mln dollarlik tibbiyot buyumlari va jihozlari, sun’iy shamollatish moslamalarini o‘z ichiga olgan 40 futlik o‘nta konteyner yuborildi. Mazkur gumanitar yuk «Project C.U.R.E.» va «Boeing» bilan hamkorlikda amalga oshirildi, deya xabar bermoqda «Dunyo».

Vashington shtatining Sietl shahrida gumanitar yordamni yuborish marosimida O‘zbekistonning AQSHdagi elchisi Javlon Vahobov va «Boeing» kompaniyasi vitse-prezidenti Monta Freyzer, «Project C.U.R.E.» nodavlat tashkiloti prezidenti Duglas Jekson hamda ushbu NNTning xorijiy hukumatlar bilan ishlash bo‘yicha direktori Melisa Esposti ishtirok etdi.

Gumanitar yuk bo‘yicha kelishuvlar 2019 yilda elchixona rahbari va «Project C.U.R.E.» prezidenti Duglas Jekson bilan tashkilotning Vest-Gruve (Pensilvaniya) va Xyuston (Texas) shaharlaridagi omborlariga tashrif chog‘ida erishilgan.

Xabarga ko‘ra, Qoraqalpog‘iston sog‘liqni saqlash vazirligi so‘roviga binoan «Project C.U.R.E.» tomonidan Sietlda shakllantirilgan gumanitar yukning birinchi jo‘natmasi qariyb 6 tonnaga teng. Ushbu yukni Kanzas-sitidan Sietlga (3 ming km) Pensilvaniya shtatidagi o‘zbeklar diasporasi faollaridan biri, logistika kompaniyasi asoschisi Ahmadjon Odilov amalga oshirdi.

Shuningdek, AQSHdagi o‘zbekistonliklar tomonidan asos solingan «Give to Get International» xayriya tashkiloti ko‘magida mustaqil ekspertlarning Qoraqalpog‘istondagi tibbiyot muassasalarining ehtiyojlarini baholash bo‘yicha xarajatlari to‘landi.

«Boeing» vitse-prezidenti Monta Freyzer o‘z so‘zida kompaniya rahbariyati so‘nggi 25 yil ichida «Uzbekistan Airways» bilan yaqin hamkorlik o‘rnatgani va O‘zbekistonning aviatsiya sohasini rivojlantirishdagi yutuqlarini yuqori baholashini ta’kidladi.

«Biz Qoraqalpog‘istonga gumanitar yukning birinchi partiyasini „Dreamliner“ samolyotida yuborish tadbirida ishtirok etayotganimizdan juda xursandmiz. Ayniqsa, koronavirus pandemiyasi bilan bog‘liq bugungi sinovli vaqtda ushbu xayriya tadbiriga ulush qo‘shayotganimizdan mamnunmiz», — dedi Monta Freyzer.

Monta Freyzer «Boeing»ning O‘zbekiston bilan strategik hamkorlikni davom ettirish maqsadida «Project C.U.R.E.» loyihasiga 100 ming dollar miqdoridagi chek topshirdi. Ushbu mablag‘ Orolbo‘yi aholisi uchun navbatdagi gumanitar yordamni yetkazishni moliyalashtirish uchun ishlatilishi qayd etildi.

Gumanitar yordam Sietldan Toshkentga «Uzbekistan Airways» AJ uchun «Boeing» zavodida ishlab chiqarilgan yettita so‘nggi yangi «Dreamliner» samolyotidan biri orqali yetkazib beriladi. «5 may kuni esa beg‘araz ko‘mak Toshkentdan Nukus shahriga yetkaziladi. Tibbiy jihozlar bilan ta’minlangan navbatdagi to‘rtta konteynerdagi insonparvarlik yuki yoz fasli oxiriga qadar Orolbo‘yi mintaqasiga yuboriladi», — deyiladi xabarda.