Ijtimoiy tarmoqlarda Surxondaryo viloyati Qumqo‘rg‘on tumani IIB boshlig‘i o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritgan, pensiyadagi podpolkovnik Rustam Sirojiddonovning o‘z joniga qasd qilgani haqida xabarlar tarqaldi. Mazkur holat yuzasidan Surxondaryo viloyati prokuraturasi izoh berdi.

Ma’lum bo‘lishicha, 3 may kuni soat 08:00 larda Jarqo‘rg‘on tumani, “Markaziy Surxon” mahallasida yashagan, Rustam Sirojiddonov yashash uyi yonida joylashgan molxonasi shiftiga xo‘jalik arqonidan sirtmoq yasab, o‘zini osib, joniga qasd qilgan.

Hodisa sodir bo‘lgan joyni ko‘zdan kechirish davomida hodisa joyidan 1,5 metr uzunlikdagi arqon xolislar ishtirokida rasmiylashtirib olingan.

“Qumqo‘rg‘on tuman sud-tibbiyot ekspertizasi bo‘limining dastlabki ma’lumotnomasida marhumning o‘limiga „yuqori nafas yo‘llarining siqilishi, mexanik asfiksiya, sirtmoqqa osilish“ kabi tan jarohatlar sabab bo‘lganligi, uning badanida boshqa tan jarohatlari mavjud emasligi ko‘rsatilgan”, — deyiladi xabarda.

Rustam Sirojiddonov muqaddam Qumqo‘rg‘on tuman IIB boshlig‘ining o‘rinbosari lavozimida ishlagan, pensiya olish huquqini beradigan bildirgi asosida 2021 yilning yanvar oyida ichki ishlar organlaridan bo‘shatilgan.

Mazkur holat yuzasidan Jarqo‘rg‘on tumani prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshirish harakatlari olib borilmoqda.