Toshkent shahridagi suv tarmoqlari va oqova suv tarmoqlarining quduqlariga o‘rnatilgan «lyuk"larning o‘g‘irlanish holati ko‘paymoqda, deya xabar bermoqda «Toshkent shahar suv ta’minoti» MCHJ matbuot xizmati.

Toshkent shahrida 3 ming kmdan ortiq suv, qariyb 2 ming kmga teng oqova suv quvurlari (kanalizatsiya) mavjud. Manzillarga uzatilgan quvurlarni bir nuqtada bog‘lash uchun esa turli hajmdagi quduqlar mavjud. Suv tarmoqlarida 32 mingdan ortiq, oqova suv tarmoqlarida esa 107 mingdan ko‘p quduq bor. Ularning har biriga maxsus temir qopqoqlar (lyuklar) ham o‘rnatilgan.

Ta’kidlanishicha, so‘nggi paytlarda suv tarmoqlaridagi quduqlardan yiliga 2 mingtagacha, oqova suv tarmoqlaridan esa 3 mingtagacha ana shunday «lyuk"lar yo‘qolmoqda.


Foto: «Toshkent shahar suv ta’minoti» MCHJ matbuot xizmati

«Bu esa „Toshkent shahar suv ta’minoti“ MCHJ uchun qimmatga tushmoqda. Ushbu metall qopqoq jamlamalarining hajmiga ko‘ra o‘rtacha 575 ming so‘mdan 2 mln so‘mgacha xarid qilinadi», — deyiladi xabarda.


Foto: «Toshkent shahar suv ta’minoti» MCHJ matbuot xizmati

Aksariyat o‘g‘irlangan bu kabi «lyuk"lar ikkilamchi metallarni qabul qiluvchi shoxobchalarga topshirib yuborilmoqda. «Lyuk"larni qisqa payvandlash ham natija bermay qo‘ygan. Qopqoqsiz, ochiq qolgan quduqlarga yo‘lovchilar va transport vositalarining tushib ketishi natijasida ko‘plab ma’naviy va moddiy zarar yetayotgani aytilmoqda.

«O‘rinsiz zararlarning o‘rnini qoplashga sarflanayotgan mablag‘lar sohada xizmat sifatini yaxshilashga sarflansa, suv ta’minotidagi muammolar bir muncha kamaygan bo‘lardi», — deyiladi xabarda.

«Toshkent shahar suv ta’minoti» fuqarolardan yuqoridagi kabi holatlarga guvoh bo‘lishsa, bu haqda huquq-tartibot idoralariga xabar berishlarini so‘ragan.