O‘zbekistonda davlat pensiyalarini tayinlash jarayoni soddalashtirilib, pensiya va nafaqalarni yetkazib berish tizimi takomillashtiriladi. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 4 may kuni shu haqdagi qarorni imzoladi.

Hujjatda qayd etilishicha, hozirda davlat pensiyalarini tayinlashda 30 turdagi hujjat talab etiladi hamda ularni taqdim etishga mas’ul 14 dan ortiq vazirlik va tashkilotlarda idoraviy axborot tizimlari, elektron resurs va ma’lumotlar bazalari mavjud emasligi qog‘oz shaklida ish yuritishdan voz kechish va hujjatlarni yig‘ish jarayonini raqamlashtirishga to‘sqinlik qilib kelmoqda.

Qarorga ko‘ra, 2022 yil 1 yanvardan boshlab Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi tomonidan moliyalashtiriladigan pensiyalar, ijtimoiy nafaqalar, kompensatsiyalar va boshqa to‘lovlarni to‘lash har uch yilda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri bo‘yicha alohida o‘tkaziladigan tender asosida tanlangan tijorat banki va boshqa ixtisoslashgan tashkilotlar tomonidan amalga oshiriladi.

Bunda tender asosida tanlangan tijorat banki yoki boshqa ixtisoslashgan tashkilot bilan tuzilgan shartnomaga muvofiq pensiya va nafaqalarni naqd pulda mahalla fuqarolar yig‘inlariga, fuqarolarning yashash manzillariga yetkazib berish majburiyati yuklatiladi.

Shuningdek, 2022 yil 1 iyuldan boshlab davlat pensiyalarini tayinlashda fuqarolardan mehnat staji, ish haqi, oliy ta’lim muassasalaridagi o‘qish hamda harbiy xizmat davri to‘g‘risidagi hujjatlarni talab qilish bekor qilinadi. Bunda, pensiyaga chiqish huquqi paydo bo‘lgan chog‘ida ishlamaydigan fuqarolarga o‘zlarining mehnat daftarchalaridagi mehnat staji to‘g‘risidagi ma’lumotlarni Bandlikka ko‘maklashish markazlariga murojaat qilish orqali «Yagona mehnat milliy tizimi» idoralararo dasturiy-apparat kompleksi (YAMMT IDAK)ga kiritish xizmati joriy etiladi.

Davlat pensiyalarini tayinlash YAMMT IDAKga kiritilgan elektron ma’lumotlar asosida amalga oshiriladi. Bunda mehnat staji, ish haqi, oliy ta’lim muassasalaridagi o‘qish hamda harbiy xizmat davri to‘g‘risidagi hujjatlar Pensiya jamg‘armasi tomonidan YAMMT IDAKdan foydalangan holda elektron ma’lumotlar almashinuvi asosida olinadi.

Davlat pensiyalarini tayinlash uchun fuqarolardan faqat pasport yoki identifikatsiya ID-kartasi talab etiladi.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yilning may oyida Markaziy bank pensionerlarga bank xizmatlaridan foydalanishda maksimal darajada qulaylik yaratish maqsadida xizmat ko‘rsatadigan banklarni tanlash imkoniyati berilishi haqida ma’lum qilgan edi.