Joriy yil 1 sentyabrdan haydovchilardan avtomototransportni boshqarish uchun ishonchnoma (notarial tartibda tasdiqlangan), texnik ko‘rikdan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi ma’lumot va avtotransport vositalari oynalarining tusini o‘zgartirishga (qoraytirishga) ruxsatnoma talab etish tartibi bekor qilinadi. Hukumatning 4 maydagi qarorida bu haqda so‘z boradi. Adliya vazirligi matbuot xizmatining xabar qilishicha, mazkur hujjatlar elektron shaklga o‘tkaziladi.

Shuningdek, qarorga ko‘ra, 2021 yil 1 avgustdan quyidagi davlat xizmatlari Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (YAIDXP) orqali ko‘rsatiladi:

  • avtomototransportlar va shahar elektr transportlari haydovchilarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish bo‘yicha nodavlat ta’lim xizmatlari ko‘rsatuvchi yuridik shaxslarning o‘quv guruhlarini ro‘yxatga olish;
  • avtomototransportlar va shahar elektr transportlar haydovchiligiga nomzodlardan imtihonlarni qabul qilish uchun hujjatlarni va milliy haydovchilik guvohnomasini rasmiylashtirish.

2022 yil 1 avgustdan o‘quv guruhlarini ro‘yxatga olish, shuningdek, haydovchilikka nomzodlardan imtihonlarni qabul qilish uchun hujjatlarni va milliy haydovchilik guvohnomasini rasmiylashtirish uchun barcha tegishli hujjatlar faqat YAIDXP orqali taqdim etiladi.

2021 yil 1 iyulga qadar DYHXX organlarida avtomatlashtirilgan elektron tizimlarning YAIDXPga integratsiya qilingan holda to‘liq ishga tushirilishi ta’minlanadi.