O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasida imzolangan 2025 yilgacha harbiy sohada strategik hamkorlik dasturi imzolanishi munosabati bilan bildirilayotgan barcha xavotirlar «mutlaqo asossiz va mantiqiy asoslarga ega emas», — deya ma’lum qildi O‘zbekiston Mudofaa vazirligi. Dastur Rossiya mudofaa vaziri Sergey Shoyguning 27−28 aprel kunlari O‘zbekistonga tashrifi doirasida imzolangan edi.

«Mudofaa sohasida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi (1992 yildagi), Tashqi siyosat konsepsiyasi (2012 yildagi), Mudofaa doktrinasi (2018 yildagi) singari asosiy hujjatlarda mazkur savollarga aniq va tiniq javoblar mavjud», — deyiladi Mudofaa vazirligi bayonotida.

O‘zbekiston Mudofaa doktrinasining 10-bandida, jumladan, shunday deyiladi: O‘zbekiston Respublikasining mudofaa sohasidagi siyosati quyidagi prinsiplarga asoslangan: o‘z hududida chet el harbiy bazalari va ob’ektlarining joylashtirilishiga yo‘l qo‘ymaslik; Qurolli Kuchlarning xorijdagi tinchlik o‘rnatish bilan bog‘liq operatsiyalarda va harbiy mojarolarda ishtirok etmasligi".

«Shu munosabat bilan Rossiya qo‘shinlarining O‘zbekistonga ehtimoliy kiritilishi, shuningdek, O‘zbekistonning Rossiya harbiy mojarolariga aralashuvi to‘g‘risidagi mish-mishlar asossiz hisoblanadi», — deya qayd etdi Mudofaa vazirligi.

«Ikkinchidan, O‘zbekiston — o‘z ichki va tashqi siyosatini belgilaydigan suveren davlat. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 17-moddasida: „O‘zbekiston Respublikasi xalqaro munosabatlarning to‘la huquqli sub’ektidir“, — deyiladi. Shuning uchun G‘arb davlatlari tomonidan O‘zbekiston Respublikasining tashqi siyosatiga ehtimoliy salbiy baholaridan qo‘rqish, Rossiyaning O‘zbekistonga ta’sirining kuchayib borayotganidan norozilik va Yevropa Ittifoqi bilan hamkorlikni kuchaytirish zarurligi haqidagi talablar ham asossiz hisoblanadi», — deya ma’lum qildi mudofaa mahkamasi.

O‘zbekistonning Rossiya bilan ham, Yevropa, Markaziy va Janubiy Osiyo, AQSH bilan ham hamkorligi «ishonch, tenglik, o‘zaro hurmat va manfaatlarni hisobga olish tamoyillari asosida qurilgan», — deyiladi bayonotda.

O‘zbekiston va Rossiya mudofaa vazirliklari o‘rtasida kengaytirilgan me’yoriy-huquqiy baza yaratilgan bo‘lib, bu qurolli kuchlar faoliyatining turli yo‘nalishlarida hamkorlikni olib borish va faollashtirishga imkon beradi. Bunday hamkorlikning asosini, avvalambor, 2004 yil 16 iyuldagi mamlakatlar o‘rtasidagi strategik sheriklik to‘g‘risidagi bitim va 2005 yil 14 noyabrdagi Ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi bitim tashkil etadi, deya qayd etildi.

Shu bilan birga, Mudofaa vazirligi: «Ochiq va ro‘yirost tan olish kerakki, bugungi kunda Rossiya O‘zbekiston aholisining osiyishta hayoti, shuningdek mintaqada tinchlik va barqarorlikni ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlariga qurol va harbiy texnika yetkazib berishda eng yirik sherik bo‘lib qolmoqda», — deya ta’kidladi.

«Xulosa: ikki davlat mudofaa vazirliklari o‘rtasida ushbu sohada yaqin hamkorlik o‘rnatilishi O‘zbekiston tashqi siyosatining mantiqiy davomidir, ushbu hamkorlikning Rossiya Federatsiyasi bilan O‘zbekiston Respublikasi uchun turli xil oqibatlari to‘g‘risidagi g‘arazli mish-mishlar asossiz», deya xulosa qildi Mudofaa vazirligi.