Botirjon Shaxriyorov Buxoro viloyati hokimining turizm, sport, madaniyat, madaniy meros va ommaviy kommunikatsiyalar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari — Turizm va sport bosh boshqarmasi boshlig‘i etib tayinlandi, deya xabar berdi Buxoro viloyati hokimligi matbuot xizmati.

U 1994 yili Toshkent davlat texnika universitetini, 1998 yili Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti magistraturasini, 2004 yili O‘zbekiston milliy universitetini tamomlagan.

Botirjon Shaxriyorov Davlat soliq qo‘mitasi jismoniy shaxslar daromadlariga soliq solish boshqarmasi boshlig‘i (2009−2011), Davlat mulki qo‘mitasi huzuridagi Davlat aktivlarini boshqarish markazi bosh direktori v.b. (2011−2014), «Toshkent» Respublika fond birjasi aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi (2014−2015), Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Davlat mehnat huquq inspeksiyasi boshlig‘i (2015−2017) lavozimlarida faoliyat yuritgan.

U 2017 yil 18 avgustdan buyon viloyat hokimining turizm masalalari bo‘yicha o‘rinbosari vazifasida ishlab kelayotgan edi.