Andijon viloyatida o‘zining uyida ijarada yashayotgan ayolning 3 yoshli farzandini ustiga qaynoq suv quyib, uning o‘limiga sababchi bo‘lgan erkak 8 yilga qamaldi.

Daryo`ning yozishicha, hodisa 10 yanvardan 11 yanvar kuniga o‘tar kechasi soat 2:00 larda sodir bo‘lgan.

Sudlanuvchi xonadonida yashovchi fuqaro G. (ayol) bilan 2020 yilning dekabr oyida tanishgan va shundan so‘ng telefon orqali gaplashib yurgan. 2021 yil 6 yanvar kuni ayol sudlanuvchiga qo‘ng‘iroq qilib, ijarada yashayotgan uyidan haydab yuborilganini, boradigan manzili yo‘qligini aytib, ijaraga joy so‘ragan. Tanishi uning iltimosiga rozi bo‘lib, ijaraga oylik to‘lov to‘lamasdan, faqat elektr va tabiiy gaz iste’moli uchun har oyda 300 ming so‘mdan berib turishi lozimligini bildirgan. Shundan so‘ng G. farzandi bilan u yerga kelib, yashay boshlagan.

Sudlanuvchi onasining sog‘lig‘i yomonlashgani tufayli davolanish maqsadida opasinikiga ketganidan foydalanib, 2021 yil 9 yanvar kuni uyidagi tanish ayolga er-xotin bo‘lishni taklif qilgan. Fuqaro G. unga rad javobini berib, kasal ekanligini aytib, o‘z xonasiga kirib ketgan.

Yarim tunda erkak tanishiga bolasi ko‘p yig‘lab shovqin ko‘targani, ayol ham har kuni soat 03:00—04:00 larga qadar telefonida gaplashib, uyqu bermayotgani uchun uyni bo‘shatib qo‘yishini so‘ragan. Ayol ertalab uyni bo‘shatishini ma’lum qilgan.

Sudlanuvchi o‘sha kuni boshqa bir tanishi M. ijaraga uy so‘ragani bois, unga ayol chiqib ketguniga qadar o‘zining xonasida vaqtincha yashab turishni taklif qilgan.

Voqea sodir bo‘lgan kuni sudlanuvchi spirtli ichimlik iste’mol qilgan va shundan so‘ng yotib dam olgan. Biroq, tungi soat 2:00 lar atrofida u chanqab uyg‘onadi, fuqaro G. va uning qizi yotgan xonaga kiradi.

«Eshikdan yarim metrcha masofada joylashgan pechka oldiga kelib, choynakni olib chiqib ketayotganimda pastda turgan otashkurakni bosib, yon tarafiga yiqilib tushdim. G. ning qorin qismiga tegib ketdi, bola yig‘lab yubordi. G. bolasini kuydirganligimni aytib baqirdi. To‘g‘risi, o‘sha paytda o‘zimni yo‘qotib qo‘ydim. M. baqir-chaqirni eshitib, bolaning kiyimlarini yechishga yordamlashdi. Tez yordam chaqirdik. Men G. aytgandek, unga jinsiy aloqa qilishni taklif qilmaganman. Bolaga ham atay suv quyib yubormaganman», — degan sudlanuvchi.

Qizaloq shifoxonaga olib borilgan va o‘sha yerda vafot etgan. Sud tibbiy-ekspertizasining xulosasiga ko‘ra, qizaloq qaynoq suvdan umumiy tana yuzasining bo‘yin, ikkala qo‘li, yonbosh sohalari kuyushi, o‘tkir holda yurak qon-tomir va nafas yetishmovchiligiga sabab bo‘lgan.

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 104-moddasi, 3-qismi «d» bandiga (Jabrlanuvchining o‘limiga olib kelgan qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish) muvofiq, aybli deb topilgan va unga 8 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.