Xabaringiz bor, respublika bo‘ylab elektr energiyasining barcha iste’molchilariga ASKUE hisoblagichlar o‘rnatilmoqda. 23 aprel holatiga ko‘ra, jami 7 mln 400 mingtadan 6 mln 578 mingdan ortiq (89%) hisoblagich o‘rnatib bo‘lingan.

O‘rnatilgan hisoblagichlarning qariyb 4 mln 127 mingtadan ortig‘i billing tizimiga ulangan bo‘lib, hisob-kitoblar avtomat ravishda amalga oshirilmoqda. Bu Elektr energiyasini hisobga olishni avtomatlashtirish markazida (Data center) markazlashgan holatda boshqariladi.

Mazkur smart hisoblagichlar o‘rnatilishi ortidan aholi orasida ko‘plab savollar tug‘ildi. Shuningdek, hisoblagich va shaxsiy kabinetdagi ko‘rsatkichlarning har xilligi, o‘z-o‘zidan qarzdorliklar hosil bo‘layotgani, to‘lov qilingandan keyin ham elektr energiyasi yonmayotgani kabi e’tirozlar bildirilib kelinmoqda.

Shu va boshqa savollarga javob olish maqsadida «Gazeta.uz» muxbiri Elektr energiyasini hisobga olishni avtomatlashtirish markazi direktori Ravshan Mirsalixov bilan suhbatlashdi.

Ma’lumot o‘rnida, dastlab mazkur loyihaning umumiy qiymati 1 mlrd 243,2 mln AQSH dollariga teng bo‘lgan, keyinchalik 587 mln dollargacha tushgan. Loyihaning ilk bosqichi Osiyo Tarakqiyot banki tomonidan moliyalashtirilib, jami 150 mln dollar mablag‘ ajratilgan.

— Nima uchun ayrim hududlarda Xitoy hisoblagichi boshqa joylarda esa O‘zbekistonda ishlab chiqarilgani o‘rnatilayapti?

— Janubiy Koreyaning KT Corporation kompaniyasi subpudratchi sifatida Xitoyning KAIFA rusumli hisoblagichlarini olib keldi va 3 ta hudud — Samarqand, Jizzax va Buxoro viloyatlariga 1 mln 400 mingta (donasi 64 dollardan — tahr.) o‘rnatildi. Jami 7 mln 400 mingta hisoblagich talabi bo‘lsa, qolgan hududlarga yana 6 mlnta hisoblagichlar zarur edi. Bu hisoblagichlar davlatimiz rahbarining ko‘rsatmalari bilan mahalliylashtirildi (donasi 48 dollardan). «Elektron hisoblagich» QK va «Toshelektroapparat» MCHJlar tomonidan Koreya kompaniyasining yagona texnik talablari asosida Xitoy mahsulotidan qolishmagan holda ishlab chiqarilmoqda.

Xitoyning KAIFA hisoblagichlari.

— Xitoy va O‘zbekiston hisoblagichining o‘rtasida farq o‘rganildimi?

— Ko‘rinishi va tuzilishi farqlangani bilan ishlash prinsipi deyarli bir xil. Xitoy va Janubiy Koreyaning hisoblagichlari loyiha doirasida olib kelingan. O‘zimizni mahalliy hisoblagichlarga ham aynan shu hisoblagichlar, ya’ni Janubiy Koreyaning «KT Corporation» kompaniyasi texnik talablari asosida ishlab chiqilgan. Buni faqat ishlash mexanizmi emas, xattoki buning ustidagi plastiklari ham ma’lum bir talablar asosida yaratilgan. Bu yonmaydi, faqat eriydi. Xavfsizlik jihatidan shu tomonlari ham inobatga olingan.

— Ularning ko‘rsatkichlarni qabul qilish va yetkazib berishida aniqlik me’yori qay darajada?

— Barcha hisoblagichlarimizda ham aniqlik darajasi bugungi kungi talablarga javob beradi. Ya’ni 0,1 foiz atrofida — bu hisoblagichdan o‘tayotgan elektr energiya hisobida shuncha farq bo‘lishi mumkin degani. Bu yo‘q hisobi.

O‘zbekistonda ishlab chiqalayotgan hisoblagichlar.

— Yangi hisoblagichlarda ko‘rsatkichlar nima uchun ikki xil? Odamlarda nimaga hisoblagichda ko‘rsatkich boshqacha, shaxsiy kabinetda umuman boshqacha degan savol tug‘ilmoqda.

— Birinchidan, o‘rnatilgan hisoblagichlarning hammasi ham 100 foiz billing tizimiga ulangani yo‘q. Ya’ni barchasidan biz ko‘rsatkich qabul qilmayapmiz. Ko‘rsatkichlarni qo‘lda yozib yurish to‘xtatilgan. Hozir tezroq konsentratorlarni o‘rnatib, barcha iste’molchilarni billing tizimiga ulab olish harakatidamiz.

— Ko‘rsatkich ikki xilligichi?

— Ko‘rsatkich ikki xilligi shundan kelib chiqadi. Ya’ni, aytaylik, hisoblagich ko‘rsatkichi 3−4 oy oldin berilgan. Undan keyin sizga o‘rta hisobda, ya’ni ikkita ko‘rsatkich orasi olinib, hisob-kitob qilinayapti. Misol uchun, bir kunda o‘rtacha 1 kVt sarflasangiz, dastur shu tartibda hisoblab ketaveradi. Bu ko‘rsatkich yozda olingan, lekin siz qishda ko‘proq yoqdingiz. Hisoblagichingizda boshqa ko‘rsatkich, shaxsiy kabinetdan qarasangiz — tizimga hali ulanmagani uchun tafovut kelib chiqishi mumkin.

— Tizimga ulangan holatda ham nima sababdan farq bo‘lishi mumkin?

— Tizimga ulangan bo‘lsa, farq bo‘lishi mumkin emas. Ko‘rsatkich kunda, kun ora kelib tushadi. Agar aloqa bilan yoki tarmoqda biron bir muammo kuzatilib, dastur 2−3 kun ko‘rsatkichni ololmagan bo‘lmasa, lekin tizimga har kuni ma’lumotlar kelib tushadi. Siz bugun ko‘rib, ikki kundan keyin shaxsiy kabinetda ko‘rsangiz u yerda yozilgan bo‘ladi, «sizni palon kungi ko‘rsatkichingizga asosan sizda haqdorlik yoki shuncha qarzdorlik mavjud» deb. Agar o‘rta hisobda haqdorlik bo‘lsa, dastur unda o‘rta hisobda degan xabarnoma beradi.

— Billingga ulangan hisoblagichga to‘lov qilingan bo‘lsayu, biroq darhol yonmasligiga sabab bo‘ladigan faktorlar nimalardan iborat?

— Bugungi kunda buni o‘zimiz ham kuzatayapmiz. Kuniga billinga 25−30 mingdan ortiq iste’molchilarni ulab borayapmiz. Bitta TPga konsentratorni o‘rnatib, undagi iste’molchilarni billingga ulagan vaqtimizda 80−90 foiz iste’molchi qarzdor bo‘lib chiqayapti. Misol uchun 200 ta iste’molchidan 100−150 tasi qarzdor ekanligi aniqlanayapti. Billing tizimga ulangan kretidorlarning 90 foizining hisobida pul mavjud bo‘lsa, ulanmaganlarda juda ko‘p qarzdorlik mavjud. Shu sababli bir vaqtni o‘zida ulangan vaqtda juda ko‘p iste’molchi tarmoqdan uzilib qolayapti.

Bitta konsentratorning ishlash prinsipiga to‘xtaladigan bo‘lsak, u har yarim soatda 300 ta iste’molchi ko‘rsatkichlarini oladi. Bundan tashqari, hisoblagichdan 100taga yaqin ma’lumot oladi, bu tarmoqdagi kuchlanishga ham bog‘liq. Biz normal hudud deymiz — qarzdorlik o‘rtacha chiqib turadi, ularni o‘chirib, yoqishda muammo yo‘q. Birinchi ulaganlarda qayta yoqish bilan bog‘liq muammo — tizim zo‘riqishidan. Misol uchun, bitta konsentratorda 100 ta iste’molchidan 5−10 ta qarzdorni o‘chirib yoqish unga ish emas.


Elektr energiyasini hisobga olishni avtomatlashtirish markazi.

— Nima uchun tizimda zo‘riqish bo‘lishining hisobi oldindan olinmagan?

— Chet ellik hamkorlarimiz tizimni ishlab chiqqanida bunchalik qarzdorlik bo‘lishi mumkin deb o‘ylamagan. Ularda baribir to‘lov intizomi rivojlanganroq. Qarzdorlikka o‘chirib qo‘yish 10−15 foiz bo‘lishi mumkin, lekin bizdagi kabi 70−80−90 qarzdorlikka mo‘ljallanmagan deb aytsam noto‘g‘ri bo‘ladi-ku, lekin birinchi ulagan bosqichimizda qiyinchiliklar tug‘ilayapti. Bu o‘z iziga tushib olganidan keyin deyarli kuzatilmayapti.

Dasturni Janubiy Koreyaning «KT Corporation» kompaniyasi ishlab chiqqan va ular serverlari bilan birga bizni tarmoqqa ulab bergan. Biz mahalliy hisoblagichlarni ishlab chiqdik va tizimga moslashtirib, integratsiya qildik.

— Andijonning Shahrihon tumanida hisoblagichlar 85 ming so‘m evaziga o‘rnatilib berilayotgan ekan. Hisoblagichlar pulga qo‘yiladimi?

— Hisoblagichlar tekin, ularni o‘rnatish ham «Hududiy elektr tarmoqlari» hisobidan amalga oshirilayapti. Ya’ni, biron bir xizmat uchun pul talab qilish firibgarlik hisoblanadi, fuqarolarimiz shuni bilib olishlari kerak.

— Ilgari tizimdagi korrupsiyaviy holatlar, xizmat uchun haq olishlar ko‘plab kuzatilardi. Hozir ham shunday holatlar bormi?

— Muhim tomoni bizda oldin nazoratchilar bo‘lar edi, bugungi kunda MIBdan keyin birorta nazoratchini qaytarib olmaganmiz. Avtomatlashtirilgan tizim joriy etilishi bizda nazoratchilarga ehtiyoj qoldirmadi.

Call markaz.

— Joylarda internet yaxshi rivojlanmagan, zarur infratuzilma hali mavjud emas, internetsiz bazalarning ishlashi va yoqish masalasi savol ostida qolar ekan, ASKUE nima uchun kerak?

— Bizning (Hududiy elektr tarmoqlari AJ) maqsadimiz iste’molchiga elektr energiyasini sotib, foyda qilish. Bizga iste’molchi iste’mol qilgani ma’qul. Bu tizim iste’molchini o‘chirish uchun joriy qilinmagan. Ularni o‘z vaqtida to‘lovini amalga oshirish uchun albatta o‘chirish shart emas, balki maqsad o‘chish ehtimoli borligini bilib ham to‘lov intizomi shakllanishiga erishishdir. Joriy etilgan hududlarda shunday ham bo‘layapti.

— 48 dollarlik hisoblagichlar, OTBdan olingan mablag‘lar, buni to‘lash masalasi ham turibdi. Bu elektr energiyasi narxining oshishiga olib kelmaydimi?

— Loyihada bu narsa e’tiborga olingan. Mablag‘larni qaytarish asosan hisobga olinmasdan yo‘qolayotgan, o‘g‘irlanayotgan elekr energiyasi pullarining undirilishi, uzoq yillardan beri undirish imkoniyati bo‘lmayotgan debitor qarzdorliklarni undirish hisobidan yopib, qoplab boriladi.

Bu tizim orqali faqat o‘chirish va yoqishni emas, balki butun viloyat yoki tumanga kirib borgan elektr energiyasini iste’molchiga yetkazishgacha bo‘lgan jarayonni nazorat qilamiz. Elektr energiyasini sochib yuborish, nohaq qarzdorlik qilish yoki boshqalarni qilishning imkoniyati umuman qolmaydi. Har bir iste’molchi kesimida elektr energiya miqdori shakllanadi.

Biror noqonuniy harakat qilayotgan iste’molchilar haqida hisoblagichning o‘zi signal beradi. Turli aralashuvlar bo‘yicha bizda pozitsiyalar bor, masalan, hisoblagich qopqog‘ini ochdi, magnit maydonini hosil qilishga urindi va h.k.lar. Buni ko‘rib, biz o‘zimizni xodimlarimizni yuborayapmiz. Misol tariqasida, 10 ming so‘m qarzdorlik uchun o‘chdi deylik. Ayrim iste’molchilar noqonuniy yo‘l bilan ulanib, foydalanadi. Oradan 3−5 kun vaqt o‘tgach, xodimimiz borib qoidabuzarlik dalolatnomasini rasmiylashtirayapti. Endi fuqaro 10 ming so‘mni to‘lashdan qochgan edi, buning evaziga, masalan, 100 ming so‘m to‘lashiga to‘g‘ri keladi.


— Kam ta’minlanganlar, boquvchisini yo‘qotganlar yoki nogironlik nafaqasini evaziga kun kechirayotgan o‘z vaqtida to‘lov qila olmaydi. Ularning yarim yoki bir yillik to‘planib qolgan qarzdorligi hokimiyatlar, homiylar tomonidan to‘lab kelingan. Dastur qarzdorlik uchun ta’minotdan zudlik bilan o‘chirsa, ularning ahvoli qanday kechadi?

— Tizim to‘liq ishga tushganidan so‘ng, tariflarga ko‘ra, aholining turli qatlamlari tahlilini aniqlab, aynan ularni ajratib berish imkonini yaratadi. Vaqt bo‘yicha tariflarni, misol uchun kechqurun yoki kunduzi arzon va qimmat tariflarni joriy qilishimiz mumkin.

Masalan, 100 kVtgacha sarflaydiganlar uchun arzonroq tarif, 100−200 kVt oralig‘ida qimmatroq, 300 kVtdan yuqorisi o‘ziga to‘q odamlarga — 5 talab sovutkich qo‘yib foydalaning, lekin iste’molingiz bo‘lganidan keyin tarifni qimmatroq to‘laysiz degan tamoyillarni ham joriy etishga imkoniyat paydo bo‘ladi. Buning joriy etilish yoki etilmasligi bizni markazimizga bog‘liq emas. Biroq shu turli imkoniyatlar paydo bo‘lganidan keyin tahliliy ma’lumot — qaysi turdagi iste’molchidan qancha bor, qancha elektr energiya sarf qilayapti, buning hammasi ko‘rinadi. Ularga agar biron-bir imtiyoz berilsa, qolganlarga qanday qilib qo‘shib, balansga keltirish mumkin, buni ham inobatga olish zarur.

— Demak, tizim orqali ayrim toifadagi iste’molchilarga alohida ta’minot liniyasini yaratsa bo‘ladi, shundaymi?

— Tizim ichida shunday imkoniyatlar borki, biz istalgan vaqt, iste’molchilar hamda iste’mol hajmi kesimida ajratib olsak bo‘ladi. Tarifni ham shundan kelib chiqib qo‘ya olamiz.

Markazdagi serverlar. Dasturiy ta’minot 8 mln iste’molchini ulashga mo‘ljallangan, kelgusida bu ko‘rsatkichni 20 mlnga yetkazish imkoniyati mavjud.

— Kuz-qish mavsumida elektr energiya ta’minotida bosimning pasayib ketishi ham markazga bog‘liqmi?

— Tizimimiz buni ham diagnostikasini chiqarishni boshladi. Oldinlari hammada «nimaga uni mahallasidagi transformator yoki liniya modernizatsiyaga tushdi, meniki tushmadi?» savol paydo bo‘lar edi. Yoki bo‘lmasa turli tanish-bilish yo‘llari bilan qilib yuborish imkoni mavjud bo‘lgan, ochig‘i. Bugungi kunda mazkur tizim orqali transformator yuklamasi va liniyadagi yo‘qotishlardan kelib chiqib, birinchi o‘rinda eng og‘riqli nuqtalarni modernizatsiya qilayapmiz.
Dasturdagi ma’lumotlardan foydalanib, bu yilgi modernizatsiya qilinadigan transformator va liniyalar mavjud.

— ASKUE yangi tizim bo‘lgani bilan qon aylanadigan, ya’ni elekr tarmoqlari liniyalari eski. Bu masala qanday hal qilinadi?

— Aynan qayerdan yangilashni boshlashni, qayerda eng og‘ir holat borligini ham aynan shu ASKUE tizimi ko‘rsatib berishni boshladi. Misol uchun, mana bu yerda kuchlanish, bosim bor, bu liniyada yo‘qotishlar ko‘p, u eskirgan, zo‘riqishlar kuzatilyapti. Liniya har xil turdagi simlar bilan ulangan bo‘lishi mumkin, shu joylarni bizga ko‘rsatib beradi. Modernizatsiya va rekonstruksiya ishlari ham shunga qarab loyihaga kiritilayapti.

Markazi direktori Ravshan Mirsalixov.

— Xitoy va mahalliy hisoblagichlarni o‘rnatganda e’tirozlar bo‘lganmi? Aholi ko‘proq qay turdagi o‘zining e’tirozlarini bildirgan?

— E’tirozlar bir xil bo‘lgan.Hisoblagichlar o‘rnatilganda birinchi «ko‘p hisoblar ekan» degan e’tirozlar bildirilgan. Billing tizimiga ulanib, avtomatik tarzda o‘chish va yonish boshlangandan keyin boshqacha e’tirozlar paydo bo‘lgan. Misol uchun, «menda bunday qarzdorlik yo‘q edi» deganlar bo‘lgan. Aslida u 6 oy elektr energiyasi uchun pul to‘lamagan, uni ogohlantirib kelayapmiz, lekin billing tizimiga ulanib, 500 minglab qarzdor bo‘lgach, bir kunda shuncha pulni to‘lay olmayapti. U uch kundan keyin to‘lovni qilib, 1 daqiqadan keyin turli ijtimoiy tarmoqlarga yoki bizni qisqa raqamimizga qo‘ng‘iroq qilib, «meni chirog‘im nega yonmayapti?» deb janjal qiladiganlar ham bor. Biroz sabr qilsa, 5−10 daqiqa o‘tgach yonadi.

Yonmay qolib ketgan iste’molchi yo‘q. Qarzdorligini to‘lay olmasdan qiynalayotgan iste’molchilar ko‘p. Vaqtida to‘lamagan, 6 oy, 1 yillik yig‘ilib qolgach, yangi tizim o‘chirib qo‘yayapti. Uzr, endi tuman yoki viloyat elektr ta’minotidagi «tanishi» yordam bera olmaydi. Buni biz markazlashgan holda nazorat qilamiz. Endilikda to‘lovsiz bitta tugmachani bosib, yoqib yuborishni tuman yoki viloyat ETK xodimlari qila olmaydi.

«Gazeta.uz» muxbiri Abdullo Yodgorov suhbatlashdi.