Yanvar-mart oylarida O‘zbekistonda 1491 ta yo‘l-transport hodisasi qayd etilib, ularda 394 kishi halok bo‘ldi, 1168 kishi jarohatlandi. Bu haqda IIV YHXBB xabar berdi.

Eng ko‘p YTH Farg‘ona viloyati — 210 ta, Toshkent viloyati — 208 ta va Toshkentda — 170 ta sodir bo‘ldi.

620 ta avariya piyodalar, 162 tasi velosipedchilar, 95 tasi bolalar va 10 tasi mototsikl haydovchilari ishtirokida sodir bo‘ldi.

Avariyalarga asosan tezlikni oshirish — 37,8%, piyodalar o‘tish yo‘laklari yo‘qligi sababli belgilanmagan joydan yo‘lni kesib o‘tish — 15,3%, ustuvor huquqqa ega transport vositasini o‘tkazib yubormaslik — 12,4%, qarama-qarshi yo‘nalishga chiqib ketish — 7,6% sabab qilib keltirilgan.

Shuningdek, yo‘l harakatini noto‘g‘ri tashkil etish va sifatsiz yo‘llar (4,2%) hamda veloyo‘laklar bo‘lmagan joylarda velosipedchilarni urib yuborish (4,2%) ham YTHlarning asosiy sabablari sifatida tilga olindi.

Haydovchilarning tajribasizligi barcha avariyalarning 5,8 foiziga sabab bo‘lgan bo‘lsa, rulda uxlab qolish 3,3%, avtomobilni mast holatda boshqarish 2,6 foiz YTHga olib kelgan.

Avvalroq 2020 yilda O‘zbekistonda 6982 ta YTH sodir bo‘lgani, ularning 1689 tasi o‘lim holatlari qayd etilgani va 1962 kishining olamdan o‘tgani haqida xabar bergan edik. YTHlarda jami 6591 kishi jarohatlangan.