O‘zbekiston xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov 4 may kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi yig‘ilishida O‘zbekiston maktablaridagi muammolar, xususan, sinflarning to‘laligi va ikki smenada dars olib borilayotganining sabablarini sanab o‘tdi.

Birinchi sabab — aholi sonining sezilarli darajada o‘sishi. 1991 yildan 2020 yilga qadar O‘zbekiston aholisi 16 mln kishiga ko‘paygan, bu ko‘rsatkich Tojikistonda 4 mln, Ozarbayjonda 2,8 mln, Qozog‘istonda 2,3 mln, Turkmanistonda 2,2 mln, Qirg‘izistonda 2,1 mln nafarni tashkil etgan.

XTV rahbari 2010 yildan 2017 yilgacha bo‘lgan davrda 9 yillik ta’limga o‘tishni ikkinchi sabab deb atadi. Shu vaqt ichida 1500 ga yaqin kollej va litseylar qurilgan.

Vazirning so‘zlariga ko‘ra, 11 yillik ta’lim qaytgach, 400 ga yaqin litsey va kollejlar maktabga aylantirildi. «Hammasining ham aylantirilmaganining sabablari bor. Birinchidan, hammasi ham maktab uchun qulay joyda joylashmagan, ikkinchidan oliy ta’limni ham rivojlantirishga harakat qilindi. Shuningdek, u yerda kasb-hunar maktablarini tashkil etish masalasi ham qo‘yildi», — dedi u.

Sherzod Shermatov 10 yil davomida juda ko‘p maktablarning binolari quvvati kamaygani sababli boshqa idoralarga foydalanish uchun berib юborилgaнини ta’kidladi. Bu 9 yillik maktab ta’limining joriy etilishi hamda litsey va kollejlar tashkil etilishi davriga to‘g‘ri kelgan.

Vazir keltirgan ma’lumotlarga ko‘ra, bugungi kunda mamlakatda o‘quvchilar soni (6,24 mln nafar) maktablar loyihaviy quvvatidan (5,06 mln) sezilarli darajada oshib ketgan.

«Shuning hisobiga ham maktablarimizning 70 foizdan ortig‘i ikki smenada ishlaydi. Hamma bir smenada bo‘lsin, deb aytishga harakat qiladi. Bu oson emas, bunga juda katta resurs talab qilinadi. Kelgusi yillarga prognoz qiladigan bo‘lsak, hozirgi shu tendensiya bo‘yicha ketsa, oradagi bu farq kattalashib boraveradi va o‘quvchi soni bilan o‘quvchi o‘rni o‘rtasidagi farq hozir bir mln bo‘lsa, 2025 yilga kelib 2 mlnga chiqishi mumkin. Bu degani, maktablar sig‘imidagi holat juda qiyin ahvolga tushib qolishi mumkin», — dedi Sherzod Shermatov.

Vazirning ta’kidlashicha, 2018−2020 yillarda 2615 ta maktabni rekonstruksiya qilish va qurish uchun 2016 yilga va o‘tgan yillarga nisbatan 3−4 baravar ko‘p mablag‘ ajratilgan. 2021 yilda investitsiya dasturi doirasida 689 ta maktabni ta’mirlash, 23 tasini qurish rejalashtirilgan.

«Shu bilan birgalikda, aholining o‘sishi va yillar davomida yig‘ilib qolgan muammolar hisobiga 3000 dan ortiq ta’mirtalab maktab bor (135 tasini qurish, 1177 tasini rekonstruksiya qilish, 1695 tasini kapital ta’mirlash kerak). Ularning yoniga sport zali, oshxonasi, burjuy pechkasi, atrofini o‘rashi kabi muammolarni qo‘shsak, taxminan 36 trln so‘m (Markaziy bankning 4 maydagi kursi bilan 3,5 mlrd dollar) mablag‘ talab etiladi. Lekin bizning bir yillik investitsiya dasturimiz 2 trln so‘m atrofida mablag‘ bo‘ladi», — dedi u.

Sherzod Shermatovning ta’kidlashicha, 2018−2020 yillarda O‘zbekistonda 57,7 mingta yangi uylar qurilgan bo‘lsa, atigi 56 ta yangi maktab bunyod etilgan, yana 158 ta maktab qurish talab etiladi.

XTV rahbari deputatlardan davlat byudjetini tasdiqlashda maktablarni rekonstruksiya qilish va qurish uchun ajratiladigan mablag‘larni, shu jumladan mahalliy byudjetlar darajasida ko‘paytirishni so‘radi. Uning so‘zlariga ko‘ra, hozirda vazirlik sobiq maktablarning boshqa idoralar tomonidan olib qo‘yilgan binolarini qaytarish bo‘yicha ish olib bormoqda.

«Lekin hammasi ham bo‘lmayapti. Toshkentning o‘zida 16 tasining ro‘yxatini qildik, qaysidir vazirlik-idora tizimiga o‘tib ketgan, ularni qaytarib olish oson bo‘layotgani yo‘q», — dedi Sherzod Shermatov.

Vazir prezidentning 2020 yil 6 noyabrdagi qarorida (PQ-4884) yangi massivlarda tijorat loyihalari asosida qurilayotgan har bir xonadonda 1,5 o‘quvchi o‘rniga mos maktab qurish majburiyati ko‘zda tutilganini eslatib o‘tdi. Sherzod Shermatov mazkur me’yorni Shaharsozlik kodeksiga kiritishni taklif qildi.

«Masalan, birgina Samarqandning Motrud mavzesini olib qaraydigan bo‘lsak, u yerda juda ko‘p xonadon qurildi. Lekin u xonadonlarga bittagina 1680 talik maktab qurdik. Hozir u yerga yana to‘rtta qurishimiz kerak. Agarda shu to‘rtta maktabni Samarqandga quramiz, deydigan bo‘lsak, bu yilgi butun «investka"miz shuning o‘ziga ketib qoladi. Bu Samarqandning qolgan 1200 ta maktabiga qo‘shimcha hech qancha mablag‘ ajratish imkoniyati bo‘lmay qoladi, degani», — deya izoh berdi u.

XTV rahbari maktablarni qurish va ta’mirlashga homiylik yordamlarini jalb qilish bo‘yicha ishlar olib borilayotgani haqida ham aytib o‘tdi.