Toshkent viloyatining ma’muriy markazi — Nurafshonda — Nurafshon business city loyihasi amalga oshiriladi. Bu Vazirlar Mahkamasining 28 apreldagi qarorida aks etgan.

Nurafshon shahri (sobiq To‘ytepa) 2017 yilda Toshkent viloyatining ma’muriy markaziga aylandi (bunga qadar hududning ma’muriy markazi bo‘lmagan). Bu yerga poytaxtdan Toshkent viloyati hokimligi ko‘chirib o‘tkazildi. Shuningdek, Nurafshonni O‘zbekistonning birinchi «aqlli» shahriga aylantirish rejasi haqida ham ma’lum qilingan edi.

Hukumatning 2018 yil 26 martdagi qaroriga (lex.uz havola bo‘yicha 404 xatolikni ko‘rsatmoqda, Huquqiy axborot kanalida esa xabar saqlanib qolgan) muvofiq, Toshkent viloyati ma’muriy markazi qurilishi uchun 246,2 gektar yer uchastkasi, shu jumladan «Konchi» massivi hududida — 113 gektar va «Yangi turmush» massivi hududida — 133,2 gektar yer uchastkasi ajratilgan edi.

Markaz hududida ob’ektlar qurilishini muvofiqlashtirish va nazorat qilish maqsadida Nurafshon shahri hokimligi huzurida «Toshkent viloyati ma’muriy markazini qurish direksiyasi» DUK tashkil etilgan edi.

Yangi qaror asosida «„Aqlli shahar“ konsepsiyasi bo‘yicha Nurafshon shahrida Toshkent viloyati ma’muriy markazini qurish» investitsiyaviy loyihasi Nurafshon business city konsepsiyasiga o‘zgartirilmoqda. Avvalroq tashkil etilgan direksiya «Toshkent viloyatida biznes markazlarini qurish direksiyasi» DUK shaklida qayta tashkil etilmoqda.

Ushbu direksiya «Nurafshon business city» hamda tuman va shaharlarda tashkil etiladigan boshqa zamonaviy ishbilarmonlik va turar-joy markazlari bo‘yicha buyurtmachi funksiyalarini bajaradi, ularning hududlarida ob’ektlar qurilishini muvofiqlashtiradi va nazorat qiladi.

Biznes markazlar hududlarida muzey, xalqaro konferensiya va forumlar o‘tkazish uchun «Ekspomarkaz», teatr, kutubxona, yoshlar ijodiyot saroyi, sport-sog‘lomlashtirish ob’ektlari va ijtimoiy soha ob’ektlarini barpo qilish ishlari — respublika byudjeti va Toshkent viloyati mahalliy byudjetining qo‘shimcha manbalari hamda qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladi. Boshqa ob’ektlarni qurishg ishlari esa — investorlarning o‘z mablag‘lari va jalb qilingan mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.

Direksiyaga va biznes markazlarini qurish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirishda ishtirok etuvchi — investorlar, bosh pudrat tashkilotlari hamda norezidentlarga — prezidentning 2018 yil 2 avgustdagi (PQ-3895) qarorida belgilangan soliq va bojxona imtiyozlari tatbiq etiladi.

2018 yilning noyabrida Spot nashri Singapurning Universal Success Enterprises kompaniyasi 2,5 mlrd dollarlik investitsiyani ko‘zda tutuvchi Toshkent viloyatining Nurafshonda zamonaviy «Aqlli shahar»ni barpo etish loyihasi bo‘yicha memorandumni imzolagani haqida yozgan edi.

2020 yilning oktyabrida «Gazeta.uz» Toshkent viloyati hokimligi va Singapurning Universal Success Enterprises kompaniyasi «Nurafshon siti»ni qurishga kelishib olishgani haqida yozgan edi. Loyiha uch bosqichda amalga oshirilishi kutilmoqda va investitsiyalar hajmi texnik-iqtisodiy asoslash natijalariga ko‘ra aniqlanadi.

2020 yilning fevraliga kelib esa Nurafshonga qadar metro liniyasini qurish rejalashtirilayotgani xabar qilingandi.

Davlat xaridlari yagona portali ma’lumotlariga ko‘ra, «Toshkent viloyati ma’muriy markazini qurish direksiyasi» faqat ikkita yirik shartnomani imzolagan. Bular — «Smart City» hududida 9,7 mlrd so‘mlik Toshkent viloyatining IIBB ma’muriy binosini qurish va Nurafshonda 64 mlrd so‘mlik ma’muriy sud binosini bunyod etishdan iborat.