Meksika poytaxtidagi metro ko‘prigining qulashi natijasida 15 kishi halok bo‘ldi va 70 ga yaqin odam turli darajadagi tan jarohatlari oldi. Bu haqda Xatarlarni integral boshqarish va fuqaro muhofazasi departamenti ma’lum qildi, deya xabar bermoqda RIA Novosti.

«Ayni paytda afsuski bu dastlabki ko‘rsatkich», — deyiladi departament xabarida. Biroz vaqt o‘tgach Meksika meri 15 kishining vafotini tasdiqladi.

Foto: Twitter/XE Médica Ambulancias

Hodisa aks etgan videolarda metro ko‘prigi poyezd bilan birga, uning ostida mashinalar harakati paytida qulab tushganini ko‘rish mumkin.

OAV ma’lumotlariga ko‘ra, hodisa Mexiko shahrining janubi-sharqida, Olivos va Tesonko bekatlari yaqinida sodir bo‘lgan.

Voqea joyiga bir necha o‘nlab tez yordam mashinalari, o‘t o‘chiruvchilar va qutqaruvchilar hamda Mexiko shahri meri yetib kelgan.

El Universal nashrining yozishicha, 2017 yilgi zilziladan so‘ng qulab tushgan yo‘l o‘tkazgich tayanchlarida yoriqlar paydo bo‘lgan va mahalliy aholi o‘shanda ko‘prik qulashidan qo‘rqishgan.