O‘zbekistonlik bokschi Bektemir Meliqo‘ziyev to‘rt yil muddatga diskvalifikatsiya qilindi deya xabar bermoqda O‘zbekiston Milliy antidoping agentligi matbuot xizmati.

Sportchi 2020 yil 16 fevraldan boshlab 2024 yil 15 fevralga qadar barcha sport musobaqalarida (milliy va xalqaro chempionatlar, turli o‘yinlar v.x.k) ishtirok etish huquqidan mahrum etildi.

Ta’kidlanishicha, uning 2020 yil 16 fevraldan boshlab musobaqalarda olgan barcha medallari va reyting ochkolari bekor qilindi. Shu bilan birga, Butunjahon antidoping kodeksiga ko‘ra, Bektemir Meliqo‘ziyevning professional boksda chiqishlarini davom etishi yoki etmasligi tegishli Xalqaro professional boks tashkilotining qaroriga bog‘liq bo‘ladi. Agar ruxsat beradigan bo‘lsa, diskvalifikatsiyasi tugagungga qadar faqatgina professional boksda jang o‘tkazishi mumkin bo‘ladi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, dastlab sportchidan olingan doping-testida «furosemid» taqiqlangan moddasi aniqlangan bo‘lib, u 2018 yil 28 fevraldan boshlab 2020 yil 27 fevralgacha 2 yillik diskvalifikatsiya bilan jazolangandi. Sportchi tomonidan navbatdagi antidoping qoidalari buzilishi dastlabki belgilangan jazo muddati ichida, ya’ni 2019 yil 30-sentyabrda sodir etilgan. Bunda ADAMS tizimining doping-nazoratchilari bokschining o‘zi kiritgan manzili bo‘yicha yetib kelishgan va ko‘rsatilgan manzilda bokschi bo‘lmaganligi uchun undan rejali doping-testni olisholmagan. Xuddi shu vaziyat yana ikki marotaba — 2019 yil 21 oktyabr va 2020 yil 16 fevral kunlari takrorlangan.

«Butunjahon antidoping kodeksining 2.4-moddasiga asosan, bu turdagi antidoping qoidabuzarlik uchun 2 yillik diskvalifikatsiya jazo chorasi qo‘llanilgan. Lekin keyingi antidoping qoidabuzarlik avvalgi antidoping qoidabuzarlik uchun belgilangan muddat ichida sodir etilgan bo‘lsa, bunda keyingi antidoping qoidabuzarlik muddati ikki baravar ko‘paytiriladi. Shu sababli, Meliqo‘ziyevga jami 4 yillik diskvalifikatsiya belgilandi», — deyiladi xabarda.

Avvalroq, Bektemir Meliqo‘ziyev navbatdagi jangini 19 iyun kuni amerikalik Gabriyel Rosadoga qarshi o‘tkazishi kutilayotgani haqida xabar berilgan edi.