2 may kuni Kitob tumanidagi 5-sonli Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari Qamashi tumanidagi 4-sonli mehribonlik uyiga ko‘chirildi, deya xabar berdi Oliy Majlis Senatining axborot xizmati.

Ma’lumot uchun, Bola huquqlari bo‘yicha vakil (Bolalar ombudsmani) Aliya Yunusova bolalar juda yomon sharoitda yashayotgani sababli Qashqadaryo viloyati Kitob tumanidagi 5-sonli Mehribonlik uyini tugatish kerakligini ma’lum qilgan edi. Mazkur muassasada tibbiyot, stomatologiya, bemorlarni alohidalash xonalarining tagi beton qoplamali ekanligi, bolalarning bo‘sh vaqtini o‘tkazish uchun muassasada yetarli sharoitlar mavjud emasligi va boshqa kamchiliklar qayd etilgan.

Shu sababdan, Mehnat kodeksining tegishli bandlariga asosan Mehribonlik uyi direktori va ombor mudiri vazifasidan ozod etilgandi.

Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi Ishchi guruhi tavsiyasiga asosan, 2 may kuni Kitob tumanidagi 5-sonli Mehribonlik uyi 65 nafar tarbiyalanuvchilarining 10 nafari yaqin qarindoshlari oilasiga, 55 nafari Qamashi tumanidagi 4-sonli mehribonlik uyiga ko‘chirildi.

Yetim bolalar va ota-onasining yoki boshqa qonuniy vakillarining qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash masalasi Senatning Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi tomonidan nazoratga olingan, deyiladi xabarda.