Madaniyat vazirligi 1 may kuni “Xalqlar do‘stligi” san’at saroyining old tomonida “Xor turetskogo” va “Soprano” jamoalari tomonidan “G‘alaba qo‘shiqlari” kuylanib, konsert dasturi namoyish etilgani, unda SSSR bayrog‘i ko‘tarilgani yuzasidan" munosabat bildirdi.

Vazirlikning xabar berishicha, Mixail Turetskiy musiqa xoldingi tomonidan 2018−2019 yillar davomida 14ta davlatda konsert dasturlari namoyishi o‘tkazilgan. 2020 yilda pandemiyaga qaramay Yevropaning 13ta davlatida konsert dasturlari tashkil etilgan. 2021 yilning 30 aprel kuni Dushanbe hamda 2 may kuni Bishkek shaharlarida musiqiy dasturlarni taqdim etgan.

Madaniyat vazirligi ushbu konsert dasturining O‘zbekistonda o‘tkazilishida hamkor hisoblanishi, ular faqat sahnadagi jarayonlarga javobgarlikni o‘z zimmasiga olganligini bildirdi.

“Ya'ni ishtirokchilarning sahnada o‘zini tutishi, milliy urf-odat va an’analarga zid bo‘lmagan musiqiy dasturlar taqdim etilishini nazorat qilib, namoyishning badiiy saviyasi yetukligiga javobgar hisoblanadi”, — deyiladi bayonotda.

Shuningdek, vazirlik mazkur holatni keng ommaga majburlab yoki keskin tanqid ruhida emas, balki namuna ko‘rsatgan holda yetkazish lozim deb hisoblashini ta’kidladi.

“Lekin bugun har birimiz milliyligimiz, tilimiz, madaniyatimiz, urf-odat va an’analarimiz targ‘iboti yo‘lida xizmat qilar ekanmiz, buni keng ommaga majburlab yoki keskin tanqid ruhida emas, balki o‘zimiz namuna ko‘rsatgan holda yetkazishimiz lozim deb bilamiz. Bunga shu yurtning har bir farzandini mas’ul deb hisoblaymiz”, — deyiladi xabarda.

Avvalroq, “Milliy tiklanish” partiyasi rahbari Alisher Qodirov Toshkentdagi “G‘alaba qo‘shiqlari” deb nomlangan konsertda SSSR bayrog‘i ko‘tarilganini haqorat va provokatsiya deb atagan edi.