Oliy Majlis Qonunchilik palatasi 4 may kuni Saylov kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritishga oid qonun loyihasini birinchi o‘qishda qabul qilib, ko‘rib chiqish uchun Senatga yubordi.

Quyi palata deputati Rasul Kusherbayevning yozishicha, Saylov kodeksiga quyidagi o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish nazarda tutilgan:

  • 14, 20, 22, 101 va 102-moddalarida — yuqori turuvchi saylov komissiyalarining vakolatlaridan quyi turuvchi saylov komissiyalarining harakatlari va qarorlari ustidan berilgan shikoyatlarni ko‘rib chiqishni chiqarib tashlash;
  • 21-moddada — O‘zbekiston prezidenti saylovini o‘tkazish bo‘yicha okrug saylov komissiyasi komissiya raisi, rais o‘rinbosari, kotibi va 11 — 18 nafar komissiya a’zosidan iborat tarkibda tuzilishini belgilash;
  • 31-moddadan — saylov byulletenida nomzodning egallab turgan lavozimi (mashg‘ulotining turi), ish joyi ko‘rsatilishi haqidagi normani chiqarib tashlash;
  • 38-moddada — saylovlarda siyosiy partiya yoki nomzodlarni qo‘llab-quvvatlab imzo qo‘yishda fuqarolar pasport bilan bir qatorda identifikatsiya kartasi orqali ham shaxsini tasdiqlashi mumkinligini belgilash;
  • 48-moddada — saylovchilar bilan uchrashuvlar kabi ommaviy tadbirlar ularning o‘tkazilishi joyi va vaqti haqida tuman (shahar) hokimliklari kamida uch kun oldin yozma ravishda xabardor qilingan holda o‘tkazilishi, bunda, ushbu ommaviy tadbirlarni o‘tkazish uchun ruxsatnoma talab etilmasligini belgilash.

Rasul Kusherbayevning ta’kidlashicha, qonun loyihasi YeXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi saylovlar bo‘yicha missiyasining O‘zbekistondagi saylov tizimini takomillashtirishga qaratilgan tavsiyalari bo‘yicha saylov to‘g‘risidagi amaldagi qonunchilikning tahlillari asosida Qonunchilik palatasining bir guruh deputatlari tomonidan ishlab chiqilgan.

2020 yilning 29 dekabrida prezident Shavkat Mirziyoyev parlamentga murojaati vaqtida O‘zbekiston 2021 yilda bo‘lib o‘tadigan prezident saylovini o‘tkazish masalasiga to‘xtalib o‘tgandi. «Biz o‘tgan saylovlarda xalqaro kuzatuvchilarning tavsiyalarini milliy qonunchilik va amaliyotga tatbiq etish bo‘yicha ishlarni davom ettiramiz», — deya ta’kidlagandi davlat rahbari.

Eslatib o‘tamiz, prezident 8 fevral kuni saylov qonunchiligini takomillashtirish va unga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risidagi qonunni imzolagan edi. Qonunchilik palatasi tomonidan 29 yanvarda qabul qilingan va Senat tomonidan 5 fevralda ma’qullangan qonun bilan saylovlar oktyabr oyiga o‘tkazilgandi. Jumladan, bu yilgi prezident saylovlari 24 oktyabr kuniga to‘g‘ri kelmoqda.