Turkiyada 7 maydan boshlab karantin choralari kuchaytiriladi

Turkiya hukumati 7 maydan boshlab COVID-19 tarqalishining oldini olish uchun bir qator qo‘shimcha choralarni joriy etmoqda. 7 maydan boshlab do‘konlarda (shu jumladan tarmoq va supermarketlarda) muhim mahsulotlar ro‘yxatiga kirmaydigan har qanday tovarlarni sotish taqiqlanadi. Shuningdek, elektronika do‘konlari, o‘yinchoqlar, kanselyariya tovarlari, kiyim-kechak va aksessuarlar, to‘qimachilik buyumlari, avtomobil aksessuarlari, bog‘dorchilik buyumlari, asbob-uskuna va shisha mahsulotlarini sotish taqiqlandi. Do‘konlarda ijtimoiy ahamiyatga ega mahsulotlar va tozalash vositalaridan tashqari uy hayvonlari uchun oziq-ovqat va kosmetika vositalarini (parfyumeriya va pardoz aksessuarlari bundan mustasno) sotib olish mumkin bo‘ladi. — Turkiya Ichki ishlar vazirligi.

Turkiya turizm vaziri Nuri Ersoy 27 aprel kuni mamlakatda 29 apreldan 17 maygacha joriy etilgan karantin cheklovlari chet ellik sayyohlarga tegishli emasligini aytgan edi. Uning qo‘shimcha qilishicha, turizm sohasidagi barcha ishchilar hozirda emlanmoqda va may oyi oxiriga qadar vaksinatsiya yakunlanadi.

Avvalroq Turkiyada 29 apreldan 17 maygacha karantin cheklovlarining kuchaytirilishi haqida xabar bergan edik. Bunda barcha maktablarda darslar to‘xtatilishi va imtihonlar qoldirilishi e’lon qilingan edi. Shuningdek, barcha savdo markazlari faoliyati vaqtinchalik cheklab qo‘yilishi rejalashtirayotgan edi.


Air India uchuvchilari emlanmaguncha ishlamasligini e’lon qilishdi

Hindistondagi Air India aviakompaniyasining uchuvchilari mamlakatdagi yuqumli kasalliklar ko‘payib borayotgani sababli koronavirusga qarshi vaksinatsiya qilinmaguncha ishga chiqishdan bosh tortishmoqda. «Tibbiy yordamsiz, sug‘urtasiz va ish haqining sezilarli darajada qisqartirilganida, vaksinatsiyasiz uchuvchilarimiz hayotini xavf ostiga qo‘yishda davom eta olmaymiz», — deyiladi Hindiston uchuvchilar kasaba uyushmasi Air India’ga yozgan maktubida. — Times of India.

Hindistonda koronavirusga chalinganlar soni 20 mlndan oshdi. 4 may kuni kunlik o‘sish surati 355 mingni tashkil etgan. Hozirda kasalxonalarda kislorod yetishmasligi muammosi o‘ta dolzarb bo‘lib qolmoqda. Amalda mavjud bo‘lmagan koronavirus cheklovlari, ko‘p sonli odamlar ishtirokidagi katta festivallar, saylovoldi tadbirlar — bularning barchasi hozirgi vaziyatga olib keldi, deb yozadi VVC. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, Hindistonda koronavirusdan 222 mingdan ortiq odam vafot etgan. Biroq mutaxassislar aslida bu ko‘rsatkichlar ancha yuqori bo‘lishi mumkinligini ta’kidlamoqda.


Kolumbiyadagi namoyishlarda 19 kishi halok bo‘ldi

Kolumbiyada o‘tgan hafta boshlangan soliq islohotlariga qarshi norozilik namoyishlari natijasida 19 kishi halok bo‘ldi, 800 ga yaqin kishi jarohat olgan. Kolumbiya mudofaa vaziri Diyego Molanoning so‘zlariga ko‘ra, jabrlanganlarning yarmidan ko‘pi xavfsizlik kuchlari xodimlari. Shuningdek, mamlakat bo‘ylab 431 kishi hibsga olinganligi ma’lum qilindi. Namoyishlar fonida mamlakat moliya va davlat kreditlari vaziri Alberto Karraskilya iste’foga chiqdi.

Karraskilya va Restrepo (hozirda moliya va davlat kreditlari vaziri) tomonidan ishlab chiqilgan soliq islohotlari loyihasi Kolumbiya byudjetiga 26 trln peso (6 mlrd dollardan ortiq) olib kelishini nazarda tutgan edi. Bunga jismoniy shaxslardan QQS va boshqa soliqlar va yig‘imlarni qo‘llashni kengaytirish orqali erishish rejalashtirilgan. Islohotlar deyarli barcha siyosiy kuchlarning tanqidiga va butun mamlakat bo‘ylab noroziliklarga sabab bo‘ldi. Shundan so‘ng Kolumbiya prezidenti islohotlar loyihasini yakunlash bo‘yicha ko‘rsatma berdi, ammo namoyishlar davom etdi. — Interfaks.

Avvalroq Kolumbiya bo‘ylab soliq islohotlariga qarshi namoyishlar bo‘lib o‘tayotganligi haqida xabar bergan edik.


Yaponiyaning AESlardan suvni okeanga oqizish rejasi tufayli Janubiy Koreya aholisi dengiz maxsulotlaridan voz kechmoqda

Yaponiya «Fukusima-1» AESdan ifloslangan suvni okeanga oqizish rejasini e’lon qilganidan so‘ng Janubiy Koreyada qariyb uchdan ikki qismi dengiz mahsulotlarini iste’mol qilishni qisqartirdi. Bu haqda TASS 4 may kuni Koreya iste’molchilar uyushmasi tomonidan 20 yoshdan 60 yoshgacha bo‘lgan 500 kishi o‘rtasida o‘tkazilgan ijtimoiy so‘rov natijalariga tayanib xabar bermoqda. Reja bo‘yicha suvlar ikki yildan so‘ng oqizilishi kerak bo‘lsa-da, respondentlarning 91,2 foizi dengiz mahsulotlarini iste’mol qilishni kamaytirishni rejalashtirmoqda. Respondentlarning 95,2 foizi xaridlarni amalga oshirayotganda do‘konlarda mahsulotlarning kelib chiqishi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni tekshirmoqda, 77,9 foizi esa buni restoranlarda yoki uyga ovqat buyurtma qilishda amalga oshiradi. Shu bilan birga, respondentlarning 63 foizi dengiz mahsulotlarini iste’mol qilishni kamaytirganliklarini aytishdi. Respondentlarning 69,6 foizi Yaponiyaning baliq mahsulotlari xavfsizligini tekshirishning amaldagi tizimiga ishonmaydi va 27,8 foizi uni qattiqlashtirish tarafdoridir, deyiladi so‘rov natijalarida. — TASS.

Avvalroq Yaponiya hukumatining Fukusima AESdan tozalangan radioaktiv suvni okeanga oqizishga qaror qilganligi haqida xabar bergan edik. Xitoy va Janubiy Koreya Yaponiyaning ushbu qarorini tanqid qilmoqda.


AQSH chet eldan kelgan qochqinlarni qabul qilish kvotasini 62,5 mingga yetkazdi

AQSH prezidenti Jo Bayden 2021 moliyaviy yilida (1 oktyabrdan boshlangan) qochqinlarni qabul qilish limitini 62,5 ming kishiga yetkazdi. «Bu avvalgi ma’muriyat tomonidan belgilangan tarixiy jihatdan past bo‘lgan 15 mingli kvotani o‘chirib tashlaydi, bu Amerikaning qochqinlarni qabul qiladigan va qo‘llab-quvvatlaydigan mamlakat sifatidagi qadriyatlarini aks ettirmaydi. Keyingi moliya yilida 125 ming qochqinni qabul qilish maqsad qilib olingan» — deyiladi bayonotda. — Oq uy.

Joriy moliyaviy yil uchun 15 mingli kvota AQSH sobiq prezidenti Donald Tramp tomonidan belgilangan edi. Bu ko‘rsatkich 1980 yildan beri eng past hisoblanadi. 2020 moliya yilida qochqinlarga qo‘yilgan limit 18 ming kishini tashkil etgan (2019 yilda bu ko‘rsatkich 30 ming kishini tashkil qilgan).

Fevral oyida AQSHning qochqinlarni kabul qilish kvosini oshirishni rajalashtirayotgani haqida xabar bergan edik.


Germaniyada millatchilik sabab bo‘lgan jinoyatlar darajasi oshmoqda

Bu haqda Interfaks Germaniya Ichki ishlar vazirligi rahbari Horst Zeyehofer bayonotiga tayanib xabar bermoqda. «O‘ng ekstremistik huquqbuzarliklar soni yangi darajaga ko‘tarildi, bu FRG konstitutsiyasi qabul qilinganidan (1949) buyon eng yuqori ko‘rsatkichdir», dedi vazir. Hammasi bo‘lib, 2020 yilda siyosiy sabablarga ko‘ra 44 692 ta jinoyat qayd etilgan. Shulardan, Zeyehoferning ma’lumotlariga ko‘ra, 23,6 mingta jinoyatni o‘ng qanotli radikalizm bilan bog‘lash mumkin. O‘z navbatida, ushbu jinoyatlarning 85 foizga yaqini tashviqotlar va haqoratlardir. 2020 yilda taxminan 11 mingta huquqbuzarlik «chap» radikallar tomonidan uyushtirilgan. Vazir, shuningdek, antisemitizmga qarshi huquqbuzarliklar sonining ko‘payganligini ta’kidladi. — Interfaks.


Tojik-qirg‘iz chegarasidagi to‘qnashuvlar natijasida 19 nafar Tojikiston fuqarosi vafot etdi — OAV

Tojik-qirg‘iz chegarasida sodir bo‘lgan qurolli mojaro paytida 19 nafar Tojikiston fuqarosi halok bo‘ldi, 88 nafari yaralandi. Bu haqda Interfaks «Aziya-Plyus»ga tayanib xabar bermoqda. «Mojaro kunlarida 88 nafar yarador Isfara kasalxonalariga va Bobojon G‘ofurov viloyatidagi kasalxonalarga yotqizilgan. Ularning aksariyati o‘q jarohati olgan. Jabrlanganlar ko‘proq bo‘lishi mumkin, men hozir kasalxonaga yotqizilganlar haqida gapiryapman», — dedi nashrning manbasi. Shuningdik, mojaro paytida 19 kishi vafot etganlgi ta’kidlandi. «Shulardan 10 nafari tinch aholi, 9 nafari huquqni muhofaza qilish idoralari xodimlari va chegarachilar», — dedi manba. Tojikiston Qirg‘iziston bilan chegara hududida to‘qnashuv qurbonlari soni to‘g‘risidagi rasmiy ma’lumotlarni hali e’lon qilgani yo‘q. — Interfaks.

28 aprel kuni Tojikiston va Qirg‘iziston chegarasida to‘qnashuvlar sodir bo‘ldi. Chegaradagi qishloqlar aholisi o‘rtasidagi ziddiyat bir kun oldin Golovnoy suv taqsimlash punktida boshlangani ta’kidlandi.

Avvalroq Qirg‘iziston va Tojikiston rasmiylari o‘zlarining harbiy qismlarini chegaradan olib chiqish jarayonini yakunlagani haqida xabar bergan edik.


Shuningdek:

  • Meksikada metro ko‘prigi vagon bilan birga, uning ostida mashinalar harakati paytida qulab tushdi. Yangi xabarlarga ko‘ra, hodisa oqibatida 23 kishi halok bo‘ldi va 70 ga yaqin odam jarohatlandi.