3 may kuni «ACWA Power», O‘zbekiston Energetika vazirligi hamda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi o‘rtasida shamol energetikasi loyihasini amalga oshirish to‘g‘risida bitim imzolandi. Mazkur loyiha Qoraqalpog‘istonda 1500 MVt quvvatga ega shamol energetikasini loyihalashtirish, qurish va ekspluatatsiya qilishni o‘z ichiga oladi, deya xabar bermoqda Energetika vazirligi matbuot xizmati.

Vazirlik bayonotiga ko‘ra, mazkur inshoot foydalanishga topshirilgandan so‘ng Markaziy Osiyo mintaqasi va dunyodagi eng yirik shamol elektr stansiyasiga aylanishi kutilmoqda.

«Energiya ishlab chiqaruvchi sifatida biz O‘zbekistonda kam uglerodli iqtisodiyotga o‘tishda Yaqin Sharq va ayniqsa Saudiya hamkorlarimizdan ko‘p narsalarni o‘rganmoqdamiz. „ACWA Power“ loyihasi ushbu jarayonga katta hissa qo‘shadi. Bizning rejamiz 2030 yilga borib elektr energiyamizning 25 foizini qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan ishlab chiqarishdir», — dedi Energetika vaziri o‘rinbosari Sherzod Xodjayev.

Ma’lumotga ko‘ra, mazkur loyiha taxminan 4 mln xonadonning elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyojini qondirishi va yiliga taxminan 2,5 mln tonna karbonat angidrid gazini qoplashi kutilmoqda.

«ACWA Power» kompaniyasi shuningdek, Buxoro va Navoiy viloyatlarida yil boshida tuzilgan umumiy ishlab chiqarish quvvati 1000 MVt bo‘lgan ikkita shamol energetikasi loyihasining investori hisoblanadi. Bu borada elektr energiyasini sotib olish bo‘yicha shartnomalar (PPA) va investitsiya shartnomalari imzolangan. Bundan tashqari, Saudiya kompaniyasi Sirdaryoda umumiy quvvati 1500 MVt ga teng bo‘lgan issiqlik elektr stansiyasini qurish loyihasini amalga oshirmoqda.

Bundan avval, BAAning «Masdar» kompaniyasi Zarafshonda shamol elektr stansiyasini qurishni boshlagani haqida xabar bergan edik. 2024 yilning oxirigacha foydalanishga topshirilishi kutilayotgan mazkur stansiya 1,5 mln xonadonga yetarli hajmda elektr energiyani ishlab chiqarishi ko‘zda tutilgan.