Koronavirusga qarshi emlash ham xuddi gripp virusiga qarshi emlash kabi har yili o‘tkazilishi mumkin. Bu haqda Koronavirusga qarshi kurashish shtabi a’zosi Sevara Ubaydullayeva ma’lum qildi.

Sevara Ubaydullayevaning ta’kidlashicha, koronavirus infeksiyasi tarqalishini jilovlashni nazorat qilish uchun aholining 70−80 foizini vaksinatsiya qilish talab etiladi.

“Ammo hozircha bolalar va homilador ayollarga vaksina qilinmayapti. Aholimizdagi emlanganlar sonini 80 foizdan orttirish uchun bu qatlam ham qamrab olinishi talab etiladi. Ayni paytda dunyo olimlari bolalar va homilador ayollar uchun maxsus vaksina ishlab chiqish ustida bosh qotirmoqda. Shu bois, vaksinatsiya jarayoni keyingi yillarda ham davom ettirilishi mumkin”, — deydi u.

Sevara Ubaydullayeva vaksinadan keyin hosil bo‘ladigan immunitet qancha muddatga saqlanishini hali dunyo olimlari to‘liq aniqlagani yo‘qligini aytib o‘tdi.

“Agarda bu holatda infeksiyaga qarshi antitanachalar uzoq muddat saqlanmasa, ushbu vaksina bilan ham xuddi gripp virusiga qarshi emlanganimiz kabi har yili emlanish talab etilishi mumkin”, — deydi tibbiyot fanlari doktori.