Uzbekistan Airways aviakompaniyasi 30 aprel kuni prezident farmoni bilan tasdiqlangan «Yo‘l xaritasi» doirasida aviakompaniyani transformatsiya qilish jarayonlarini tezlashtirishni rejalashtirmoqda.

Oktyabr oyigacha lizing beruvchiga uchta Boeing-757−200 samolyotini qaytarib berish, dekabrgacha esa ikkita Boeing-767 va ikkita Boeing-757 samolyotlarini sotish rejalashtirilgan. May oyining boshida aviakompaniya oltinchi Boeing-787 samolyotini qabul qilishi kutilmoqda.

Yil oxiriga qadar Uzbekistan Airways aviakompaniyasi ikkita Airbus A321neo LR (uzoq masofaga mo‘ljalangan versiyasi) samolyotini ijaraga olmoqchi. Shuningdek, kelgusi yilda yana uchta A321neo havo kemasini ijaraga olish ko‘zda tutilgan. Yil oxiriga qadar to‘rtta A320 samolyoti ekonom toifasiga o‘tkazilib, to‘liq qayta jihozlash rejalashtirilgan (full economy).

Bundan tashqari, Mi-8 vertolyotining sotilishi va Uzbekistan Helicopters kompaniyasi uchun to‘rtta Airbus vertolyotining (ikkitadan H125 va H130) sotib olinishi kutilmoqda.

Xorijiy kompaniyalar bilan muzokaralar doirasida ikkita yo‘lovchi tashuvchi Boeing-767 samolyotini yuk tashish konfiguratsiyasiga qayta jihozlash rejalashtirilgan.

Shuningdek, farmon bilan 1999−2013 yillarda ishlab chiqarilgan, sotish taklif etilayotgan 17 ta samolyot va simulyatorlarning ro‘yxati tasdiqlandi. Ro‘yxatga beshta Boeing (757 va 767), beshta Il-76 TD, yettita Il-114−100, shuningdek Il-114−100 simulyatori kiritilgan.

Eslatma: agar 2022 yil 1 iyuligacha Il-76 samolyotlari realizatsiya qilinmasa, ular ro‘yxatdan olib tashlanadi va belgilangan tartibda utilizatsiya qilinadi.