Qirg‘iziston va Tojikiston rasmiylari o‘zlarining harbiy qismlarini chegaradan olib chiqish jarayonini yakunladilar, deb 24.kg nashri Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi chegara xizmatiga tayanib xabar berdi.

O‘tgan tunda chegarada hech qanday to‘qnashuv yoki otishma qayd etilmadi. Chegarachilar butun qirg‘iz-tojik davlat chegara liniyasi bo‘ylab patrul qilishmoqda.

To‘qnashuv natijasida 179 qirg‘izistonlik tibbiy yordamga murojaat qilgan, 34 kishi vafot etgan, ular orasida bola ham bor. Favqulodda vaziyatlar vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, Qirg‘iziston chegarasidagi qishloqlarda 78 ta uy, ikkita maktab, feldsher va akusherlik punkti, bolalar bog‘chasi, militsiya uchastkasi, uchta nazorat punkti, o‘nta yoqilg‘i quyish shoxobchasi va sakkizta do‘kon buzilgan.

Qirg‘iz-tojik chegarasidagi to‘qnashuv faktlari bo‘yicha Qirg‘iziston Bosh prokuraturasi Jinoyat kodeksining «Tinchlikka qarshi jinoyat» moddasi bo‘yicha sudgacha bo‘lgan ishlarni boshladi. 1−2 may kunlari mamlakatda motam kunlari bo‘ldi.

Tojikistonning Somoniyon qishlog‘idagi vayron bo‘lgan uy / Asia Plus

Tojikiston hukumati jarohatlanganlar, vafot etganlar va vayron bo‘lgan ob’ektlar sonini oshkor qilmayapti, deb yozadi Asia Plus. Norasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, Somoniyon va Xo‘ja A’lo qishloqlarida 20 dan ortiq uylar to‘liq yonib ketgan, 100 dan ortiq odam jabrlangan, 16 kishi vafot etgan.