UzAssets investitsiya kompaniyasi «ochiq savdo jarayoni yo‘li bilan» Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodini (FNQIZ) 100 foiz sotish mo‘ljallanayotgani haqida e’lon qildi.

FNQIZ ko‘rsatkichlari to‘g‘risida

UzAssets ma’lumotlariga ko‘ra, Farg‘ona NQIZ — neftni qayta ishlash hajmi bo‘yicha O‘zbekistonda ikkinchi o‘rinda turadi. 478 gektar maydonda joylashgan bo‘lib, binolari 190 ming kv. m.ni egallaydi.

Joriy ishlab chiqarish quvvati — yiliga 2 million tonna mahsulot, utilizatsiya koeffitsiyenti 2020 yilda — 50 foizga yaqin.

Zavodda 60 turdagi neft mahsulotlari va yoqilg‘i-moylash materiallari, shu jumladan «Yevro-4» va «Yevro-5» standartlari bo‘yicha dizel yoqilg‘isi (2021 yildan) ishlab chiqariladi.

2020 yilda 900 ming tonnadan ziyod xom neft qayta ishlandi (shundan 422 ming tonnasi — tolling), 822 ming tonna neft mahsulotlari ishlab chiqarildi.

2020 yilgi daromad 231 million dollarni, yalpi foyda esa 54 million dollarni tashkil etdi. So‘nggi uch yilda o‘rtacha yillik sof foydasi 19 million dollarni tashkil etadi.

Mahsulotning qariyb 94 foizi mahalliy bozorga sotiladi, qolgan qismi eksport qilinadi. FNPZda taxminan 6500 kishi ishlaydi.

UzAssets ariza topshirish jarayoni barcha uchun ochiq ekanini ma’lum qildi. Qiziqish bildirgan shaxslar 28 mayga qadar ingliz, rus yoki o‘zbek tillarida yozma ko‘rinishda ariza topshirishlari mumkin.

Xususiylashtirishga bo‘lgan avvalgi urinishlar

Prezidentning 2019 yil 10 apreldagi qaroriga binoan (hanuzgacha kuchda) Indoneziyaning PT Trans Asia Resources kompaniyasi «O‘zneftmahsulot»ning FNQIZdagi 100% ulushini 16 million dollarlik dastlabki to‘lov bilan olishi kerak edi. 25 aprelda Vazirlar Mahkamasining qarori bilan (hali ham amalda) davlat ulushini amalga oshirish, jumladan, FNQIZ aylanma mablag‘lari uchun kamida 120 million dollar jalb qilish shartlari bayon etildi. Bundan tashqari, kompaniya rahbarlari o‘zbekistonlik A’zam va Omon Aslanovlar zavodni modernizatsiya qilish va uni yanada rivojlantirish bo‘yicha rejalari haqida so‘zlab berishgan edi.

PT Trans Asia Resources kompaniyasi 2019 yil 31 dekabrga qadar sotib olish bo‘yicha ustuvor huquqqa ega bo‘ldi, biroq yakunda kelishuv amalga oshmadi.

Davlat aktivlarini boshqarish agentligining xabar berishicha, Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodini Jizzakh Petroleum MCHJning ishonchli boshqaruviga o‘tkazishga qaror qilindi. Jizzakh Petroleum qo‘shma korxonasi 2017 yil iyun oyida «O‘zbekneftgaz» va Gas Project Development Central Asia tomonidan tashkil etilgan. Loyihaga muvofiq ustav kapitalidagi ishtirokchilar ulushi «O‘zbekneftgaz» ulushining 60 foizdan 30 foizgacha pasayishi va xorijiy muassislarning ulushining 40 foizdan 70 foizgacha o‘sishi bilan qayta taqsimlandi.

2020 yil iyun oyida ta’sischilar tarkibi quyidagicha ko‘rinishga ega edi: Kiprdan Belvor Holding Limited (68%), «O‘zbekneftgaz» (30%) va Gas Project Development Central Asia (2%), hozirda esa «O‘zbekneftgaz» va Belvor Holding Limited o‘rtasidagi aksiyalar 49 foizdan taqsimlangan. Jizzakh Petroleum rahbari — ilgari «O‘zbekneftgaz» raisi va iqtisodiyot vazirining o‘rinbosari bo‘lib ishlagan Shokir Fayzullayev.

Shuningdek, Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodi 300 million dollarga modernizatsiya qilinishi haqida xabar berilgan edi. Jizzakh Petroleum 2023 yil o‘rtalaridan boshlab o‘z bazasida AI-92 benzini va «Yevro-5» dizel yoqilg‘isi ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishni rejalashtirgan.