30 aprel kuni prezident Shavkat Mirziyoyev Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi (DIIHB) direktori Matteo Mekachchi boshchiligidagi delegatsiyani qabul qilgan edi.

Bu Matteo Mekachchining byuro direktori sifatidagi ilk xorijiy safarlaridan biri, MDH mamlakatlariga esa birinchi tashrifi bo‘ldi, dedi prezidentning matbuot kotibi Sherzod Asadov dushanba kuni o‘tkazilgan brifingda.

«Yana bir narsaga e’tiboringizni qaratishni istardim: oxirgi oyda hurmatli prezidentimiz YeXHTning ikkinchi nufuzli vakili bilan uchrashmoqda. 14 aprel kuni Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining amaldagi raisi Ann Linde bilan uchrashuv bo‘lgan edi. Bu ham O‘zbekistondagi demokratik islohotlarga jahon hamjamiyati katta qiziqish bilan qarayotganidan dalolat», — dedi u.

Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov. Foto: Abdullo Yodgorov / «Gazeta.uz».

Uning qo‘shimcha qilishicha, may oyida YeXHTning byurosi saylov bo‘yicha o‘zining ilk missiyasini yuboradi.

«Bundan tashqari, yaqin haftalar ichida yurtimizga Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byuroning saylovlarga oid dastlabki missiyasi kelishi kutilmoqda», — dedi Sherzod Asadov.

Markaziy saylov komissiyaning doimiy asosda ishlovchi a’zosi Gulnoza Rahimovaning «Gazeta.uz»ga ma’lum qilishicha, mazkur tashrifdan maqsad — prezident saylovlaridan oldingi vaziyat va unga tayyorgarlik jarayonlarini o‘rganishdan iborat.

«Odatda, YeXHTning DIIHBsi asosiy kuzatuv tadbirlaridan oldin Ehtiyojlarni baholash missiyasi (EBM) ish olib boradi. Missiya mamlakatga muayyan saylov boshlanishidan bir necha oy oldin saylovoldi vaziyatini, shu jumladan saylovga tayyorgarlikni baholash uchun yuboriladi. Missiyaning vazifasi — saylov bilan bog‘liq tadbirlarni o‘tkazishning maqsadga muvofiqligi xususida tavsiyalar ishlab chiqishdan, agar shunday tadbirlar zarur bo‘lsa, ularning aynan qanday shaklda bo‘lishi aniqlangan ehtiyojlarga yaxshiroq javob berishini belgilashdan iborat», — dedi Gulnoza Rahimova.

Uning qo‘shimcha qilishicha, «EBMning ishlash davri bir necha kunni tashkil etadi. Missiya tarkibiga esa DIIHBning saylovlar bo‘limi xodimlari hamda boshqa mutaxassislar kiradi».

«EBMning tashrifi davomida saylov organlari va davlat hokimiyati organlarining vakillari, siyosiy partiyalar, OAV, fuqarolik jamiyati tashkilotlari va YeXHTning joylardagi missiyalari xodimlari, dipkorpus vakillari va xalqaro tashkilotlarning vakillari bilan uchrashadilar va saylov bilan bog‘liq faoliyat xususida tavsiyalar tayyorlaydi», — deya ta’kidladi u.


MSKning doimiy asosda ishlovchi a’zosi Gulnoza Rahimova. Foto: MSK matbuot xizmati.

EBM saylov bilan bog‘liq faoliyatning mumkin bo‘lgan quyidagi shakllaridan birini tavsiya etishi mumkin:

  • saylovni kuzatish bo‘yicha keng ko‘lamli missiya;
  • saylovni kuzatish bo‘yicha cheklangan missiya;
  • saylovni baholovchi missiya yoki ekspertlar guruhini yuborish;
  • hech qanday tadbir o‘tkazmaslikni tavsiya etishi mumkin.

«Saylov bilan bog‘liq u yoki bu tadbirning aniq shakli, hajmi va miqyosi haqidagi tavsiyalar EBM hisobotiga kiritilib, YeXHTga ishtirokchi barcha davlatlarga tarqatiladi va DIIHB veb-saytida e’lon qilinadi. Hisobotda nazarda tutilayotgan missiya vazifalarini bajarish uchun zarur bo‘ladigan ekspertlar soni, shuningdek saylovni har tomonlama kuzatishni ta’minlash maqsadida ishtirokchi davlatlardan so‘ralishi mumkin bo‘lgan uzoq muddatli kuzatuvchilar va qisqa muddatli kuzatuvchilar soni ko‘rsatiladi», — dedi MSK vakili.

Eslatib o‘tamiz, DIIHBning missiyasi O‘zbekiston tarixida ilk bor 2019 yilgi parlament saylovlari arafasida undan olti oy oldin taklif etilgan edi. O‘shanda o‘rganish natijalari bo‘yicha bo‘lajak saylovlarni kuzatish bo‘yicha keng ko‘lamli missiyani yuborish haqida xulosa qilingan edi.

Avvalroq, «Gazeta.uz» prezident Konstitutsiyaga saylovlar sanasi bilan bog‘liq o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risidagi qonunni imzolagani haqida yozgan edi. Mazkur hujjatga muvofiq, bu yilgi prezident saylovlari 24 oktyabrga to‘g‘ri kelmoqda.