28 aprel kuni Toshkentda avtobus bekat yonida turgan ikki piyodani urib yubordi, deya xabar bermoqda «Toshshahartransxizmat» axborot xizmati.

Hodisa soat 13:45 atrofida, 86-sonli yo‘nalishda harakatlanuvchi haydovchi avtobusni boshqarib borayotgan vaqtda sodir bo‘lgan. Avtobus haydovchisi oldinda ketayotgan transport vositasi keskin to‘xtab qolishi natijasida avtobusni o‘ngga burgan va bekat yonida turgan 2 piyodani turtib yuborgan.

Holat yuzasidan «Toshshahartransxizmat» xodimlari tomonidan tezkor surishtiruv tadbirlari o‘tkazildi. Mazkur haydovchining «12-Avtobus saroyi» MCHJ tasarrufidagi, saroy raqami 594 bo‘lgan, 86-sonli yo‘nalishda harakatlanuvchi Mersedes Benz LF rusumli avtobus haydovchisi M.A ekanligi aniqlangan.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, jabrlanuvchi piyodalar N.D va O.L.ga yo‘l-transport hodisasi oqibatida yengil tan jarohati olgan va 16-shahar shifoxonasiga yetkazilib, tez tibbiy yordam ko‘rsatilgan. Ayni paytda jabrlanuvchi piyodalarning ahvoli yaxshi ekanligi aytilmoqda.

Holat yuzasidan avtobus haydovchisi M.Aga nisbatan MJTKning 133-moddasi alomatlari (transport vositalari haydovchilarining yo‘l harakati qoidalarini buzishi orqali jabrlanuvchiga yengil tan jarohati yoki moddiy zarar yetkazilishi) mavjudligini inobatga olib, ma’muriy ish qo‘zg‘atilgan hamda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.