Toshkent shahrining Sergeli tumanidagi 12-sonli avtobus parkida 14 ta «KTM-19» tramvaylari va bitta Rigada ishlab chiqarilgan «RVZ-6» vagon muzeyi Samarqandga jo‘natilishi kutilmoqda. «Gazeta.uz» muxbiri Yevgeniy Sorochin avtobus parkidan fotoreportaj tayyorladi.

Ushbu maqola Toshkent tramvayi tugatilishining yubileyiga tahririyat tomonidan tayyorlangan materiallar turkumining bir qismidir. Birinchi qismda biz poytaxtda yengil temir yo‘lning tugatilish tarixi haqida so‘z yuritib, shahar mazkur transport turining tugatilishidan oldin va keyin qanday ko‘rinishda bo‘lganini taqqoslagan edik.


2016 yilda poytaxtda tramvay tizimi yopilgandan so‘ng, vagonlar Chilonzor tumanidagi 2-tramvay deposida saqlangan. Telegram`dagi «Ko dnu» kanalining xabar berishicha, 2020 yil iyun oyi boshida tramvaylar 12-sonli avtobus parkiga ko‘chirilgan, chunki depo hududi savdo markazi qurish uchun sotilgan edi.

«KTM-19» vagonining 2-tramvay deposidan olib o‘tilishi. Foto: «Ko dnu» Telegram kanali.

Yo‘lovchi tashish operatori «Toshshahartransxizmat»ning ma’lumotlariga ko‘ra, Toshkent tramvay tizimi yopilgandan so‘ng, 1994 yildan 1998 yilgacha sotib olingan qolgan «Tatra T6» rusumli chex vagonlari foydalanish muddati tugaganligi sababli ro‘yxatdan chiqarilgan va metallolom uchun topshirilgan.

2017 yil fevral oyida Samarqandda tramvay tizimini ishga tushirish to‘g‘risida prezident farmoni qabul qilindi. Qarorda shahar aholisi va mehmonlari uchun infratuzilmani takomillashtirish va transport xizmatining sifatini oshirish muhimligi haqida gap boradi. Bundan tashqari, farmonda tramvayning ekologik tozaligi tan olingan.

Shunisi e’tiborliki, Toshkent tramvayining tugatilishi transport vositalari sonining doimiy o‘sib borishi va tramvay marshrutlarining samarasiz ishlashi tufayli qatnov qismini kengaytirish zaruratiga asoslangan edi.

Tramvay yo‘nalishini ishga tushirish uchun Samarqandga 2011 yilda sotib olingan Chexiyaning «Vario LF» rusumli zamonaviy 20 ta pastpolli vagonlari yuborildi. 2007 yilda sotib olingan Rossiyaning 14 ta «KTM-19» vagoni ham Samarqandga yuborilishi kerak. Bundan tashqari, 1960 yillarda Riga shahrida ishlab chiqarilgan «RVZ-6» vagon muzeyi transportirovkasi kutilmoqda.

Barcha 15 ta vagonlar 12-sonli avtobus parkida ochiq havoda transportirovkasini kutmoqda.

Ta’kidlash joiz, hozirda Samarqandda vagonlar shahardagi 6,4 km masofali yagona yo‘nalish bo‘ylab harakatlanadi. Tramvay 2017 yil 15 aprelda ishga tushirilgan kuni ushbu yo‘nalish bo‘yicha 8 ta vagon harakatlanar edi.

2018 yilda Navro‘z bayrami arafasida shaharda xuddi shunday vagonlar chiqarilishi bilan uzunligi 5 km bo‘lgan ikkinchi yo‘nalish foydalanishga topshirildi. Biroq, keyingi yili tramvay liniyasi qurilgan yo‘l kapital ta’mirlanish uchun yopilgan. Ikkinchi yo‘nalishda tramvay harakati to‘xtatildi.

«Toshshahartransxizmat» kompaniyasi rahbariyatiga avtobus parkiga kirishga imkoniyat yaratilgani uchun minnatdorchilik bildiramiz.

Foto

RVZ-6


KTM-19