O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon 30 aprel kuni telefon orqali muloqot qildi, deya xabar bermoqda prezident matbuot xizmati.

Davlat rahbari yuzaga kelgan vaziyatni tez fursatda hal qilish va uning keskinlashuviga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha Tojikiston va Qirg‘iziston tomonlari erishgan kelishuvlarni qo‘llab-quvvatladi.

«Mavjud barcha masalalar do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va sheriklik munosabatlari ruhida, faqat muzokaralar va maslahatlashuvlar yo‘li bilan hal qilinish muhim ekani ta’kidlandi», — deyiladi xabarda.

Tojikistonga bo‘lajak oliy darajadagi tashrifga tayyorgarlikning borishi ham ko‘rib chiqildi. Mamlakatlarimiz bosh vazirlari o‘tgan hafta Xo‘jand shahrida o‘tkazgan amaliy uchrashuvning samarali natijalari mamnuniyat bilan qayd etildi.

O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasida uzoq muddatli istiqbolga mo‘ljallangan keng ko‘lamli hamkorlikning yangi «o‘sish nuqtalari»ni birgalikda aniqlash muhimligi alohida ta’kidlandi.

Avvalroq, «Gazeta.uz» ushbu tashrif 10−12 iyun kunlari amalga oshirilishi kutilayotgani haqida yozgan edi.