Sardoba suv omboriga sabab bo‘lgan omillar haqida favqulodda vaziyatlar vazirining birinchi o‘rinbosari Abdulla Qo‘ldoshev ma’lumot berdi.

Ma’lumotga ko‘ra, Sardoba suv omborini loyihalashtirish, qurish va to‘g‘onning ekspluatatsiyasi jarayonida xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘yilganligi holati bo‘yicha buyurtmachi, loyihachi, qurilish tashkilotlari hamda ekspluatatsiya xizmatining 17 nafar mansabdor va mutasaddi shaxslari jinoiy javobgarlikka tortilgan.

Ularga nisbatan ayblov xulosasi Oliy sud muhokamasiga o‘tkazilgan. Hozirgi vaqtda suv omborini qurish uchun ajratilgan budjet mablag‘larining qonuniy sarflanganligi yuzasidan jinoyat ishi doirasida taftish va tergov harakatlari davom ettirilmoqda.

«Mazkur voqeaga daxldor barcha mansabdor shaxslarning xatti-harakatlariga yaqin kunlarda sud tomonidan huquqiy baho beriladi. Bu haqida jamoatchilikka qo‘shimcha axborot taqdim etiladi», — deydi, FVV vazirining birinchi o‘rinbosari, general-mayor Abdulla Qo‘ldoshev.

Shuningdek, olib borilgan tadqiqot va tahlillar natijasiga ko‘ra, to‘g‘on o‘pirilishiga bir qator omillar sabab bo‘lganligi aniqlangani ma’lum qilindi.

Birinchidan, Suv xo‘jaligi vazirligi tomonidan buyurtmachi xizmatini tashkil etish, loyihalashtirish va qurilish ishlarini olib borishda mas’uliyatsizlikka yo‘l qo‘yilgan. Inshootni to‘laqonli ekspluatatsiya qilishda mazkur suv omboridan foydalanish qoidalari tasdiqlanmagan, bu jarayonda belgilangan texnik va me’yoriy talablar qo‘pol ravishda buzilgan, deydi vazirning birinchi o‘rinbosari.

Ikkinchidan, «UzGip» MCHJ loyiha tashkiloti tomonidan suv omborining ishchi loyiha hujjatlarini tayyorlash jarayonida tasdiqlangan Texnik-iqtisodiy asoslarda belgilangan yechimlarga rioya qilinmasdan, unga o‘zboshimchalik bilan o‘zgartirishlar kiritilgan. Ishchi loyiha hujjatlarida to‘g‘onning konstruktiv va seysmik mustahkamligi inobatga olinmagan, deya ta’kidlaydi Abdulla Qo‘ldoshev.

Uchinchidan, «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJning pudrat tashkiloti va yordamchi pudrat tashkilotlari tomonidan to‘g‘on tanasi tuprog‘ining zichligi, filtr va himoya tosh qatlami qalinligi loyihaviy ko‘rsatkichdan past bo‘lishiga yo‘l qo‘yilgan, dedi Qo‘ldoshev.

Eslatib o‘tamiz, 2020 yil 1 may kuni Sirdaryo viloyatidagi Sardoba suv ombori to‘g‘oni o‘pirilgan edi. Toshqin Sardoba, Oqoltin va Mirzaobod tumanlaridagi aholi punktlari va ekinlarga katta zarar yetkazgan. Binolar, yo‘llar, aloqa tarmoqlari vayron bo‘lgan. Keyinchalik Sardoba toshqinidan jabrlangan aholi uchun qurilgan uylar qurib topshirildi. Ma’lumotlarga ko‘ra, qurilgan uylarning jami narxi 855,4 mlrd so‘mni tashkil etgan.