29 aprel kuni Toshkentning «Paxtakor» jamoasi Osiyo Chempionlar Ligasi doirasida «Eyr Fors»ga qarshi to‘p surdi.

Birinchi bo‘limda «Paxtakor» to‘p nazoratini o‘zida saqlagan bo‘lsada, keskin vaziyatlar ko‘p yaratilmadi. Dragan Cheranning bir vaziyatda tepgan to‘pini raqib posboni egallab oldi. Iroqliklardan asosan Humam Tariq xavfli holatlarni yuzaga keltirdi. Birinchi bo‘limda uning zarbasi noaniq ketgan bo‘lsa, ikkinchi bo‘lim boshida uning urinishidan keyin to‘p to‘singa tegib qaytdi.

«Paxtakor»ga g‘alaba keltirgan gol 79-daqiqada kiritildi. Jarimadan Xolmatov to‘pni darvoza yaqiniga uzatdi. Temirovning boshi bilan bergan zarbasi darvozabonga tegib qaytgach, zaxiradan tushirilgan Po‘latxo‘ja Xoldorxonov to‘pni darvozaga joylab qo‘ydi. «Paxtakor» akademiyasi tarbiyalanuvchisi sanalgan Po‘latxo‘ja debyut o‘yinidayoq gol urishga erishdi. «Eyr Fors»dan 1:0 hisobida ustun kelgan «Paxtakor» guruh bosqichini g‘alaba bilan yakunladi.

Foto: «Paxtakor» matbuot xizmati

Uchrashuvdan keyingi matbuot anjumanida «Paxtakor» bosh murabbiyi Piter Xyuistra quyidagi fikrlarni bildirib o‘tdi.

«Turnirda oxirgi o‘yinni o‘tkazdik. Yosh futbolchilarga imkoniyat berdik. Ular o‘yinga energiya bera olishdi deb o‘ylayman. Yoshlar har bellashuvda barqaror o‘ynamasligi mumkin, lekin o‘zlariga kerakli tajribani to‘plab borishadi. Ba’zi uchrashuvlarda kutilgan natijaga erisha olmadik, biroq yaxshi futbol namoyish etishga intildik. Endi Toshkentga qaytib, chempionatning navbatdagi bahsiga hozirlik ko‘ramiz», — deydi u.

Shuningdek, o‘yindagi g‘alaba goli muallifi Po‘latxo‘ja Xoldorxonov ham o‘z fikrlarini bildirdi.

«Jamoa bilan g‘alabadan xursandmiz. Ikkinchi bo‘limda hujumlarni ko‘paytirdik va oxiri to‘p kiritishga erishdik. Buning uchun jamoadoshlarimga rahmat aytaman. Maydonga tushayotgan paytim barcha meni qo‘llab-quvvatladi, bundan ruhlanib gol urishni juda istagandim. Birinchi bahsdayoq to‘p kiritganimdan judayam hayajonga tushdim. O‘sha lahzada meni hissiyotlar chulg‘ab olgandi», — deydi futbolchi.

Ma’lumot uchun, 6-turdan keyin «Paxtakor» jamoasi 7 ochko to‘plab 3-o‘rinni egalladi. «Sharja» jamoasi 11 ochko bilan guruhda peshqadam bo‘lsa, «Traktor» 10 ochko bilan 2-o‘rinni band etgan.

Eslatib o‘tamiz, bugun Olmaliqning AGMK jamoasi OCHLdagi 6-tur bahsini «Istiqlol» klubiga qarshi o‘tkazadi. Mazkur bahs Toshkent vaqti bilan 00:00 da boshlanadi.