Qirg‘iziston va Tojikiston chegarasida, Botken viloyatida 28 aprel kunidan boshlangan to‘qnashuv oqibatida yuzaga kelgan otishma butunlay to‘xtatildi, deya xabar bermoqda 24.kg.

29 aprel oqshomida Qirg‘iziston va Tojikiston o‘t ochishni to‘xtatish va harbiy kuchlarni avvalgi joylashtirilgan joylariga olib chiqish to‘g‘risida kelishib oldilar.

Bundan so‘ng, Isfara shahrida Tojikiston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi rahbari Sayimo‘min Yatimov va Qirg‘iziston hukumatining Botken viloyatidagi vakolatli vakili Omurbek Suvanaliyev o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Tomonlar qo‘shma bayonot imzoladilar va mojaroni to‘xtatish to‘g‘risida kelishib oldilar.

Hozirda Qirg‘izistonning Laylak tumanida otishmalar kuzatilayotgani aytilmoqda. Bu haqda mahalliy aholi 24.kg axborot agentligiga xabar berdi.

«Qishloq yaqinidagi odamlar tog‘larga qaytib qochmoqdalar. Granatomyot yoki minomyotlardan otilmoqda», — deydi mahalliy aholi.

Mahalliy kengash deputatlari ham o‘q otishni qayta boshlanganini tasdiqlamoqda. Biroq, guvohlar kim va qayerdan otishma yuz berayotganini aniqlay olishmadi.

Hukumatning vakolatli vakillari tomonidan mazkur holat hozircha izohlanmadi.

Chegarada nizoli vaziyat 28 aprel kuni Botken viloyati, Ko‘k-Tosh qishlog‘idagi «Golovnoy» suv taqsimlash punkti hududida boshlangan. Tomonlar bir-biriga tosh otishni boshlashgan, so‘ng otishma boshlangan.

Qirg‘izistonda 134 jabrlanuvchi tibbiy yordamga murojaat qilgan, 13 kishi vafot etdi, ular orasida bola ham bor.

Tojikistonda 90 kishi jabr ko‘rgan, 10 nafar fuqaro vafot etgan.

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi qirg‘iz-tojik chegarasidagi to‘qnashuvlarni darhol to‘xtatishga va vaziyatni barqarorlashtirish uchun qo‘shma choralar ko‘rishga chaqirgan edi. «O‘zbekiston tez orada kelishuvga erishish uchun har tomonlama yordam berishga tayyor», — deb ta’kidlagan edi TIV.