Toshkent shahar ichki ishlar boshqarmasi matbuot xizmati mart oyining oxirida Toshkent shahridagi Amir Temur xiyobonida bo‘lib o‘tgan tartibsizliklardan keyingi tergov jarayoni to‘g‘risida xabar berdi.

Uch yoki to‘rtta fuqaro yosh yigit va qizni LGBT faollari deb gumon qilib, ularga tan jarohatlari yetkazgan. Ularga yana 20−25 nafar shaxslar qo‘shilib, bezorilik harakatlarini davom ettirishgan.

Dastlab janjalni boshlagan 12 nafar fuqaro ushlangan. Mazkur holat yuzasidan Toshkent shahar IIBB Tergov boshqarmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 277-moddasi 2-qismi «b» bandi («bezorilik, bir guruh shaxslar tomonidan sodir etilishi») alomatlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Tergov davomida ushbu hodisada bevosita ishtirok etgan shaxslar soni aniqlandi. Ular 31 kishini tashkil etib, har birining haraka tlariga huquqiy baho berildi, deyiladi xabarda.

Ulardan to‘rt nafari jinoyat ishida ayblanuvchi tariqasida jalb qilindi. Bular viloyatida tug‘ilgan Farxodjon Qurbonov (1989 y.t.), Muzaffar Yo‘ldoshev (1991 y.t.), shuningdek poytaxt aholisi Bohodir Fazlitdinov (1993 y.t.) va Rixsitilla Anvarov (2002 y.t.).

«Tergov shuni ko‘rsatdiki, aynan ular Saidbek Toshbagambetov (2004 y.t.) va Ruxshona Buxarboyevaga (2005 y.t.) yengil tan jarohati yetkazishgan. Ayblanuvchiga nisbatan uy qamog‘i tarzidagi ehtiyot chorasi tayinlangan. Dastlabki tergov yakunlangach, qonuniy qaror qabul qilish uchun ish sudga yuboriladi», — deyiladi IIBB xabarida.

Janjalda qatnashgan qolgan 27 kishining xatti-harakatlarida Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-moddasi («mayda bezorilik»), 194-moddasi («ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik»), 195-moddasi («ichki ishlar organlari xodimlarining o‘z xizmat burchlarini bajarishlariga qarshilik ko‘rsatish») va 201-moddasida («yig‘ilishlar, mitinglar, ko‘cha yurishlari yoki namoyishlar uyushtirish, o‘tkazish tartibini buzish») nazarda tutilgan huquqbuzarlik alomatlari mavjud.

Eslatib o‘tamiz, 28 mart kuni Toshkent markazida LGBT faollariga qarshi namoyish bo‘lib o‘tgan va o‘nlab erkaklarning Forumlar saroyi qarshisida yo‘lning harakat qismida yurgani va «Allohu akbar!» deb takbir aytgani aks etgan video lavhalar tarqalgan edi.