O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev juma kungi mahalliy sanoatni rivojlantirishga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida bank sohasidagi korrupsiya masalalariga to‘xtaldi, deb xabar bermoqda «Gazeta.uz» muxbiri.

Davlat rahbarining so‘zlariga ko‘ra, «O‘zsanoatqurilishbank» xodimlaridan biri katta miqdordagi talon-tarojda ayblanib, hibsga olingan. Prezident har bir bank rahbariga «nimada ayblanayotganini ko‘rish, farzandlarini ko‘z oldiga keltirishi uchun» sud jarayonida ishtirok etishni taklif qildi.

«Men Mamarizo Nurmuratovga [Markaziy bank raisi] ishonaman, lekin uning tizimiga ishonmayman», — dedi prezident.

Bosh vazir o‘rinbosari, iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vaziri Jamshid Qo‘chqorov MB rahbari bilan birgalikda bir oy ichida «O‘zsanoatqurilishbank» va «Ipotekabank»ni «korrupsiyadan holi bankka» aylantirishi kerakligi ta’kidlandi. «Ularning tajribasida antikorrupsion siyosat boshqa banklarda ham joriy qilinadi», — deya qo‘shimcha qildi prezident.

Shavkat Mirziyoyev birinchi pog‘ona rahbarlari o‘z sohalaridagi korrupsiya uchun javob berishlari haqida ogohlantirdi.

«Biz baribir talon-taroj qilayotganlarning tagiga yetamiz. Orqaga yo‘l yo‘q. Byudjet mablag‘larini talon-taroj qilayotganlar — siyosatga xiyonat qiladi. Korrupsiyani ildizi bilan quritmas ekanmiz, natijalarga erisha olmaymiz», — deya ta’kidladi davlat rahbari.

22 aprel kungi videoselektor yig‘ilishida Shavkat Mirziyoyev «juda katta korrupsiyaga berilib ketgan» rahbarlarni oxirgi marta ogohlantirgan edi. Prezident Samarqand va Andijon misolida mutasaddilarni korrupsiyaga qarshi yetarlicha kurash olib borilmayotgani uchun tanqid qildi.