Davlat moliyaviy nazorati departamenti va uning hududiy boshqarmalari tomonidan 2021 yil 1-chorakda byudjet intizomiga rioya etilishi va byudjet mablag‘larning maqsadli foydalanishi yuzasidan 1 905 ta (2020 yil 1-chorakda 1 349 ta) nazorat tadbiri o‘tkazildi. Bu haqda Moliya vazirligi matbuot xizmati xabar qildi.

Tekshiruvlarda 211,2 mlrd so‘m miqdorida byudjet intizomi buzish, pul va tovar-moddiy boyliklar kamomadi va asossiz xarajatlar aniqlanib, shundan 192,3 mlrd so‘mi byudjetga tiklanishi ta’minlandi.

Hisobot davrida vazirliklar va idoralar bo‘yicha qonunbuzilish holatlari va boshqa xato-kamchiliklar quyidagilarni tashkil etdi:

Xalq ta’limi vazirligi tizimida o‘tkazilgan 248 ta nazorat tadbirining 198 tasida 43,3 mlrd so‘m miqdorida qonunbuzilish holatlari aniqlanib, 2020 yil 1-chorakka (9,4 mlrd so‘m) nisbatan qonunbuzilish holatlari 4,6 martaga oshgan;

  • Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimida o‘tkazilgan 275 ta nazorat tadbirining 212 tasida 23,3 mlrd so‘m miqdorida qonunbuzilish holatlari aniqlanib, 2020 yil 1-chorakka (7,9 mlrd so‘m) nisbatan qonunbuzilish holatlari 2,9 martaga oshgan;
  • Maktabgacha ta’lim vazirligi tizimida o‘tkazilgan 289 ta nazorat tadbirining 242 tasida 41,2 mlrd so‘m miqdorida qonunbuzilish holatlari aniqlanib, 2020 yil 1-chorakka (5,4 mlrd so‘m) nisbatan qonunbuzilish holatlari 7,6 martaga oshgan.
  • Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi tizimida o‘tkazilgan 116 ta nazorat tadbirining 111 tasida 22,4 mlrd so‘m miqdorida qonunbuzilish holatlari aniqlangan (2020 yil 1-chorakda 135,4 mln so‘mlik qonunbuzilish holatlari aniqlangan);
  • Transport vazirligi huzuridagi Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi tizimida o‘tkazilgan 42 ta nazorat tadbirining 36 tasida 16,1 mlrd so‘m miqdorida qonunbuzilish holatlari aniqlangan (2020 yil 1-chorakda 767 mln so‘mlik qonunbuzilish holatlari aniqlangan).

Shuningdek, Qishloq xo‘jaligi (3,3 mlrd so‘m), Jismoniy tarbiya va sport (3 mlrd so‘m), Bandlik va mehnat munosabatlari (2,7 mlrd so‘m), Suv xo‘jaligi (2,5 mlrd so‘m), Oliy va o‘rta maxsus ta’limi (2,2 mlrd so‘m) vazirliklari, O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi (2,7 mlrd so‘m) va ular tizimidagi byudjet tashkilotlarida ham yirik miqdorda moliyaviy qonunbuzilish holatlari aniqlangan.

Bundan tashqari, hokimiyatlar (3,4 mlrd so‘m), hokimliklarning obodonlashtirish boshqarmalari (2,9 mlrd so‘m), hokimiyatlar huzuridagi «Yagona buyurtmachi xizmati» injiniring kompaniyalari (34,2 mlrd so‘m)da o‘tkazilgan nazorat tadbirlarida ham moliyaviy qonunbuzilish holatlariga yo‘l qo‘yilganligi aniqlangan.

Hisobot davrida vazirlik va idoralar bo‘yicha qonunbuzilish holatlari va boshqa xato-kamchiliklar dinamikasi.

Mahalliy byudjetlar mablag‘larini maqsadli sarflanishi yuzasidan o‘tkazilgan nazorat tadbirlarida jami 189,1 mlrd so‘m miqdorida, jumladan Sirdaryo (40,2 mlrd so‘m), Jizzax (23 mlrd so‘m), Andijon (19,8 mlrd so‘m), Toshkent (12,1 mlrd so‘m), Qashqadaryo (11,4 mlrd so‘m), Surxondaryo (8,9 mlrd so‘m), Farg‘ona (8,1 mlrd so‘m), Samarqand (7,9 mlrd so‘m), Xorazm (6,4 mlrd so‘m), Buxoro (6 mlrd so‘m), Namangan (5,2 mlrd so‘m), Navoiy (1,4 mlrd so‘m) viloyatlarida hamda Toshkent shahrida (16,5 mlrd so‘m) va Qoraqalpog‘iston Respublikasida (21,9 mlrd so‘m) qonunbuzilish holatlari va boshqa xato-kamchiliklar aniqlangan.

Mahalliy byudjetlar mablag‘larini maqsadli sarflanishida aniqlangan qonunbuzilish holatlari va boshqa xato-kamchiliklar dinamikasi.

Shu bilan birga, o‘tkazilgan nazorat tadbirlari davomida ko‘rilgan choralar natijasida byudjet muassasalarida xarajatlar smetasi va shtatlar jadvaliga ortiqcha rejalashtirilgan mablag‘larni qisqartirish va boshqa noqonuniy xarajatlarning to‘xtatilishi hisobiga jami 5,3 mlrd so‘m miqdoridagi byudjet mablag‘larini asossiz sarflanishini oldi olindi.

Byudjet qonunchiligini buzganligi uchun byudjetdan mablag‘ oluvchi tashkilotlarning 9 nafar rahbar va boshqa mansabdor shaxslariga ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risida bayonnomalar tuzilib, ko‘rib chiqish uchun Ma’muriy sudlarga yuborildi.

Shuningdek, 1 458 ta nazorat tadbirida aniqlangani 210,1 mlrd so‘mlik qonunbuzilish holatlari qonuniy choralar ko‘rish uchun huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborildi.

Eslatib o‘tamiz, 2020 yilda byudjet mablag‘larning maqsadli foydalanishi yuzasidan 4729 ta nazorat tadbirlarida 246 mlrd so‘mlik byudjet kamomadi va asossiz xarajatlar aniqlanib, bu miqdorning 168,8 mlrd so‘mi byudjetga qaytarilgan.