Chorshanba kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida transport vaziri va Uzbekistan Airways rahbari Ilxom Maxkamov 2021 yil oxiriga qadar O‘zbekistonda ikkita yangi aviakompaniya paydo bo‘lishini e’lon qildi, deya xabar berdi «Gazeta.uz» muxbiri.

Transport vaziri, Uzbekistan Airways rahbari Ilxom Maxkamov va Uzbekistan Airports boshqaruv raisi Ra’no Jo‘rayeva. Foto: Transport vazirligi.

Ilhom Maxkamov transport vaziri hamda Uzbekistan Airways rahbari sifatida «monopol siyosatini» davom ettiradi degan tahminlarni rad etdi.

«Bunday emas. Agar siz statistikani ko‘rib chiqsangiz, raqobatbardoshlik yoki monopoliyaning yo‘qligi nafaqat mamlakat ichida yangi aviakompaniyalar paydo bo‘lishiga, balki boshqa mamlakatlar aviakompaniyalarining ham kirib kelishiga ham bog‘liqdir», — dedi u.

Misol tariqasida, transport vazirligi rahbari Rossiyadan Uzbekistan Airways bilan bir xil yo‘nalishlarda parvoz qilayotgan 12 ta aviakompaniyani, shuningdek, Turkiyaning Turkish Airlines aviakompaniyasining O‘zbekistonga parvozlarini ko‘payishi, BAAning Air Arabia loukosteri, ikkita Qozog‘istonning SCAT va Air Astana kabi aviakompaniyalari hamda Misrning uchta aviakomapniyasining parvozlarini aytib o‘tdi.

Ilxom Maxkamov Qanot Sharq xususiy aviakompaniyasini o‘zining birinchi Airbus A320 samolyotini qabul qilganligini ham ta’kidladi. Bir oy ichida yana shunga o‘xshash layner kelishi kutilmoqda.

«Bundan tashqari, bilishimcha, kamida ikkita kompaniya transport vazirligi huzuridagi Fuqaro aviatsiyasi agentligiga ikkita aviakompaniya ochish va o‘z faoliyatini olib borish istagi bilan murojaat qilgan. Bugungi kunda ular ijaraga olingan samolyotlarni sotib olish, kerakli hujjatlarni tayyorlash ustida ishlashmoqda», — dedi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, transport vazirligi bunday kompaniyalarga to‘sqinlik qilmaydi, balki ularni qo‘llab-quvvatlaydi. Yil oxiriga qadar bozorda kamida ikkita yangi aviakompaniya paydo bo‘lishi mumkin, deya tahmin qildi u.

Ilhom Maxkamovning ta’kidlashicha, Uzbekistan Airways ichki parvozlarni ko‘paytirish uchun kam quvvatli samolyotlar sotib olish loyihasi ustida ishlamoqda.

2019 yil iyun oyida Transport vazirligi Uzbekistan Airways’ning samolyotlarni sotib olish strategiyasi o‘zgartirayotgani haqida xabar bergandi. Viloyatlararo parvozlar uchun Bombardier yoki Embraer singari kichik hajmli samolyotlarni sotib olish rejalashtirilgan edi.

Air Marakanda

Oldinroq «Gazeta.uz» Samarqand aeroportini ushbu loyihaga 80 mln dollar sarmoya kiritishi kerak bo‘lgan xorijiy Air Marakanda korxonasi boshqaruviga o‘tkazilishi mumkinligi haqida yozgan edi. Hukumat kompaniya bilan davlat-xususiy sheriklik shartnomasini tanlovsiz tuzishga ruxsat berdi. Transport vaziri Ilxom Maxkamov Air Marakanda bilan muzokaralar anchadan beri davom etib kelayotganini, ammo DXSH shartnomasi hali imzolanmaganligini aytdi. Shu bilan birga, u «tenderga qaytish bu vaqtni yana behuda sarflash» ekanligini qo‘shimcha qildi. Air Marakanda moliyaviy modelini baholash uchun xalqaro yuridik va moliya kompaniyalari jalb qilinadi.

15 aprel kuni prezident Shavkat Mirziyoyev Samarqand viloyatiga tashrifi davomida shahardagi yangi xalqaro aeroportning qurilish ishlari bilan tanishdi. Shuningdek, davlat rahbariga mehmonxonalar, yangi sayyohlik zonasi va yangi aviakompaniya yaratish bo‘yicha loyihalar taqdim etildi.

Taqdimotda ma’lum qilinishicha, yangi tashkil etiladigan aviakompaniya lizing asosida uchta A320 samolyoti va ikkita vertolyot sotib olishni rejalashtirmoqda. Shuningdek, aviakompaniya «Umra» dasturi doirasida Saudiya Arabistoniga reyslarni yo‘lga qo‘ymoqchi. Taqdimot videosida Air Marakanda logotipi tushirilgan samolyot namoyish etildi.