Qashqadaryo viloyatida balandligi 62,5 metrga teng davlat bayrog‘ini o‘rnatish rejalashtirilmoqda, deya xabar bermoqda «Qashqadaryo» gazetasi.

Unga ko‘ra, Mustaqillikning 30 yilligi arafasida Qarshi shahridagi Mustaqillik maydonida balandligi 62,5 metrga teng davlat bayrog‘i o‘rnatiladi.

Ma’lum qilinishicha, davlat bayrog‘ining birgina ustunini bunyod etishga 1 mlrd 350 mln so‘m mablag‘ sarflanadi. Ob’ekt buyurtmachisi Qarshi shahar obodonlashtirish boshqarmasi, pudratchisi esa «Voha maxsus montaj servis» MCHJ hisoblanadi.

Foto: «Qashqadaryo» gazetasi

Korxona vakillarining aytishicha, bayroqning ustuni (flagshtok) diametri 430 millimetrdan 1220 millimetrgacha bo‘lgan po‘lat quvurlardan tashkil topadi. Uning barcha butlovchi qismlari maxsus buyurtma asosida poytaxtdagi «Bektemir metall konstruksiyalari» qo‘shma korxonasi tomonidan tayyorlangan. Bichimi 25 metrga 10 metrdan iborat bayroqning o‘zi esa Farg‘ona vodiysidagi ishlab chiqarish korxonalaridan birida tikilgan.

Loyihaga ko‘ra, Davlat bayrog‘i o‘rnatilgach, uning atrofidagi 2 ming kvadrat metrlik hudud obodonlashtirilib, maysazor va gulzorlar barpo etiladi, manzarali daraxtlar ekiladi va yangi yo‘lakbop plitkalar terib chiqiladi. Mustaqillik maydonining shu qismida bayroqning tarixi va tavsifi aks etgan tosh lavhlar ham o‘rnatiladi.