Gulistonda hokim o‘rinbosari 400 dollar pora olayotgan paytida qo‘lga tushdi. Bu haqda «Gazeta.uz» ga Bosh prokuratura matbuot xizmati rahbari Hayot Shamsutdinov xabar berdi.

27 aprel kuni Fuqaro M.K. huquqni muhofaza qilish organlariga ariza bilan murojaat qilgan.

Unga ko‘ra, viloyat hududiy «Chorvanasl» markazi Guliston tumani yetakchi mutaxassisi M.X. unga tumandagi «Yulduz» massivida kam ta’minlangan oilalar uchun qurilayotgan ko‘p qavatli arzonlashtirilgan uy-joylardan xonadon olishi uchun ro‘yxatga qo‘yishini aytib, evaziga 400 AQSH dollari so‘ragan. M.X. bu ishni tuman hokimining o‘rinbosari B.S. orqali qilishini aytgan. M.X. so‘ralgan pulni olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Shundan so‘ng, M.X.ning arizasiga asosan tezkor tadbir davom ettirilib, Guliston tumani hokimining o‘rinbosari B.S. M.K. ni arzonlashtirilgan uy-joylardan xonadon olishi uchun ro‘yxatga qo‘yib, yordam berishi evaziga $400 ni M.X. dan olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Tergov departamentining tuman bo‘limi tomonidan M.X. ga nisbatan JKning 168-moddasi 2-qismi «b» bandi (firibgarlik) va 28, 211-moddasi 1-qismi (pora berish) bilan hamda B.S. ga nisbatan JKning 168-moddasi 3-qismi «v» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, B.S.ga «qamoq» ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.