Qonunchilik palatasi deputati, O‘zLiDeP fraksiyasi a’zosi Rasul Kusherbayev Alter Ego loyihasiga bergan intervyusida UzAuto Motors va kompaniyaga ikki marta yutqazgan Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi o‘rtasidagi qarama-qarshilik natijalari to‘g‘risida fikr bildirdi.

«Iste’molchilar nuqtai nazaridan qaralsa, u [kurash] davom etadi. Agar umumiy ma’noda olib qarasak, Antimonopoliya qo‘mitasi emas, balki UzAuto Motors yutqazgan. Bu (UzAuto Motors g‘alabasi — tahr.) qog‘ozda shunday. Ammo UzAuto Motors`ning o‘zi juda ko‘p narsalarni yo‘qotdi. Odamlarning ishonchini yo‘qotdi. Imijini yo‘qotdi. Va men o‘ylaymanki, bu masalada — ishonch nihoyatda muhim», — dedi u.

Deputatning fikricha, kelajakda mahalliy avtomobil ishlab chiqaruvchini qo‘llab-quvvatlash masalasida odamlarning mustaqil fikri o‘rganilsa, yuqori ehtimol bilan iste’molchilar salbiy munosabat bildiradi.

Parlament a’zosi, shuningdek, mazkur sud jarayoni «ko‘plarning samimiy yuzini ko‘rishga» imkon berganligini ta’kidladi.

«Bu ham ma’lum darajada natija. Misol uchun men sudlarimiz qanday ishlashiga yana bir bor amin bo‘ldim. Monopoliyalarga qarshi kurashish bo‘yicha tizimimiz qanday ishlashini, alohida guruhlarni qo‘llab-quvvatlash qanday amalga oshirilayotganini ko‘rishga muvaffaq bo‘ldim», — dedi u.

Parlament vakolat va ta’sir kuchiga ega bo‘la turib, nima uchun UzAuto Motors monopoliyasini tugata olmasligi borasidagi savolga Rasul Kusherbayev quyidagicha javob berdi:

«Imtiyozlar bilan bog‘liq hamma narsa qonunlar asosida emas, balki Hukumat qarorlari asosida beriladi. Bu endi Hukumat va boshqa organlarning vakolati doirasida. Parlamentning o‘zi hech qachon UzAuto Motors va boshqalarga alohida imtiyozlar bermagan. Lekin, parlament Hukumatning qarorlarini rad etish to‘g‘risidagi yoki ularning bunday qarorlarni qabul qilishiga oid vakolatlarini olib qo‘yishni nazarda tutuvchi qonunni qabul qilishi mumkin», — deya ta’kidladi u.

Deputatning ta’kidlashicha, u mazkur muammoni hal qilishni istagan bo‘lar edi. Lekin buning uchun unga spiker vakolati zarur. Birgina deputatdan «hech qanday foyda yo‘q». Va buning ortidan u «yangi muammolarni orttirib olishi mumkin, xolos». Nurdinjon Ismailov 2015 yildan beri Qonunchilik palatasining spikeri hisoblanadi.

Rasul Kusherbayev bir qancha deputatlar bilan birga UzAuto Motors va Jizzax avtomobil zavodi avtomobillarning importi hamda utilizatsiya yig‘imlaridan ozod qilinganiga oid imtiyozlar bor yoki yo‘qligi borasida Davlat bojxona qo‘mitasi va Moliya vazirligiga so‘rov yuborganini yodga oldi. DBQ tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlar maxfiy, ya’ni ommaga oshkor qilmaslik sharti bilan faqat tanishish uchun berilgan bo‘lib chiqdi.

«Oxir-oqibat biz javob oldik, lekin maxfiy ma’lumot bo‘lgani uchun biz o‘qishdan voz kechdik. Biz davlat bojlari bilan bog‘liq ma’lumotlar maxfiy bo‘lishi mumkinligiga hayron bo‘ldik. Bu biz uchun yangilik va yangi bilim bo‘ldi», — dedi deputat.

O‘zLiDeP fraksiyasi a’zosi UzAuto Motors foydasiga hal bo‘lgan so‘nggi sud majlisi misolida O‘zbekiston sudlari «mustaqil emas"ligini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, sud Antimonopoliya qo‘mitasi taqdim etgan «rad etib bo‘lmas dalillarga ko‘z yumgan».

«Men buni qabul qila olmayapman. Qanday qilib bunga, shunchaki qaramaslik mumkin? Juda ko‘p narsalar bor edi va ular (Antimonopoliya qo‘mitasi — tahr.) ko‘p dalillarni aniqlashgan edi. Biz barchasini e’lon qilmoqchi bo‘ldik, lekin sud buni hammasini inobatga olsa kerak deb o‘ylagandik. Ular bunga shunchaki ko‘zini yumishdi. Tabiiyki, buning natijasida menda shunday xulosa paydo bo‘ldi. Ular bu yerda o‘z irodasi, mustaqilligini ko‘rsatishi mumkin edi, biroq buni qila olishmadi», — dedi deputat.

Eslatib o‘tamiz, sud 30 oktyabr kuni UzAuto Motors AJning Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi maxsus komissiyasining 19 avgustdagi qarorini haqiqiy emas deb topish to‘g‘risidagi shikoyat arizasini qanoatlantirgan edi. Sudning ayrim majlislari yopiq tarzda bo‘lib o‘tgan edi.

Antimonopoliya qo‘mitasi maxsus komissiyasining qaroriga muvofiq, UzAuto Motors`ga narxlarning asossiz oshirilgan qismlarini bekor qilish va avtomobillarni kamaytirilgan narxlarda sotish bo‘yicha ko‘rsatma berilgandi. UzAuto Motors esa bunga «avtomobillar narxi asosli va hozir narxni pasaytirish imkonsiz» deya javob qaytargan edi.

Sud UzAuto Motors ishi bo‘yicha Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasining apellyatsiya shikoyatini qanoatlantirmadi. Shunga ko‘ra, birinchi instansiya sudining 30 oktyabrdagi hal qiluv qarori va xususiy ajrimi o‘zgarishsiz qoldirildi.

Video