«Toshkent metropoliteni» korxonasi kuni kecha poyezd to‘xtashi sabablarining tekshiruvi natijalarini e’lon qildi.

Xabarda qayd etilishicha, Chilonzor yo‘nalishida «Buyuk ipak yo‘li» — «5-bekat» yo‘nalishi bo‘yicha harakatlanayotgan poyezd mashinisti «Milliy bog‘» va «Novza» bekatlari oralig‘ida salbiy vaziyatni oldini olish maqsadida favqulodda to‘xtashni amalga oshirgan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, poyezd harakatlanayotgan paytda oldindagi yo‘lda kontakt relslarni quvvatlovchi tokopriyomnikda uchqun chiqayotganini ko‘rib qolgan. Ko‘rsatma (instruksiya) talablariga binoan, mashinist poyezdning harakatini to‘xtatishga qaror qildi, chunki ushbu vaziyatda harakatni davom ettirish mumkin emas. Mashinist bu haqda tezkorlik bilan dispetcherga xabar berdi, yo‘nalishdagi xarakat tarkiblarni elektr ta’minotdan uzildi va shundan so‘nggina barcha yo‘lovchilar poyezddan «Novza» bekatigacha evakuatsiya qilindi.

Eslatib o‘tamiz, bu hodisa kecha, 17:50 atrofida sodir bo‘lgan edi. Chilonzor yo‘nalishidagi poyezdlar cheklangan rejimida harakatlangan, ya’ni alohida tunnel uchastkalarida bitta yo‘nalish bo‘ylab. Shu kunning o‘zida barcha nosozliklar bartaraf etildi va bugundan barcha poyezdlar belgilangan harakat jadvaliga muvofiq harakatlana boshladi.